“O‘zbekneftgaz”ning yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i bo‘lgan UNG Petro iqtisodchi Otabek Bakirovning O‘zbekistondagi benzin narxlariga oid 3-aprelda yozgan postiga munosabat bildirdi.

“O‘zbekiston paradoksi”

Otabek Bakirov neft narxi 85 dollardan 70 dollarga tushganda O‘zbekistonda benzin narxi o‘zgarmagani, neft 85 dollarga ko‘tarilgach, benzin narxi oshganini yozdi. U buni “O‘zbekiston paradoksi” deb atadi.

Yevropaning Brent neft narxi 3-aprel kuni mart oyi boshidan beri ilk bor barreliga 85 dollardan oshdi. Oylik eng yuqori ko‘rsatkichning yangilanishiga yakshanba kuni qabul qilingan OPEK+ (Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti)ning yil oxirigacha neft qazib olishni oldindan kelishilgan 2 million barrelga qo‘shimcha ravishda kuniga 1,15 million barrelga kamaytirish to‘g‘risidagi qarori sabab bo‘ldi. Xususan, Saudiya Arabistoni ishlab chiqarishni sutkasiga 500 ming barrelgacha qisqartirish niyatida.

Mart oyining dastlabki haftalarida neft narxi 85 dollardan 70 dollarga tushdi, biroq O‘zbekistonda benzin narxi tushmadi, deydi u. Shu bilan birga, juma kunidan boshlab Ai-80 benzini narxi 6000 so‘mdan 6050−6100 so‘mgacha ko‘tarilgan.

U 2022-yil dekabridan 2023-yil oxirigacha Ai-80 benzini va uning chakana savdosiga aksiz solig‘i nolga tushirilganini eslatib o‘tdi (shundan so‘ng dekabr oyida Ai-80 narxi 5500 so‘mgacha tushishi mumkinligi xabar qilingan, biroq narx 6800 so‘mdan 5700 so‘mga pasaygan, keyin esa 6000 so‘mgacha ko‘tarilgan). “Gazeta.uz”ning Iqtisodiyot va moliya vazirligidagi manbasi taqdim etilayotgan imtiyozlar tufayli davlat budjetidan 1,3 trillion so‘mga yaqin mablag‘ yo‘qotilishini ma’lum qilgan.

Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqarish, import, ulgurji va chakana savdodagi monopollashgan vaziyatda aksizga imtiyoz berish narxlar o‘sishini to‘xtatib qololmaydi, imtiyozlar monopolistlarning marjasini oshirishga xizmat qilmoqda.

“UNG Petro ulushi — atigi 2,3%”

UNG Petro prezident va hukumat qarorlari asosida iqtisodiyotni liberallashtirish va ma’muriy tartibga solishni qisqartirish, tovarlar va xizmatlar bozorlarida samarali raqobat muhitini yaratish hamda narxlarni bozor tamoyillari asosida shakllantirishga bosqichma-bosqich o‘tish choralari ko‘rilayotganini bildirdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston hududida qazib olingan neft va gaz kondensatidan ishlab chiqiladigan avtobenzin va dizel yonilg‘isi neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan faqat birja savdolari orqali sotilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu birja savdolarida respublikadagi mavjud 3000 ga yaqin avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari qatnashish huquqiga ega bo‘lib, shulardan atigi 70 tasi (yoki 2,3 foizi) “O‘zbekneftgaz” AJning UNG Petro MCHJ tomonidan tasarruf etiladi, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, yuqorida aytib o‘tilgan AYOQSHlar Ai-80 markali avtobenzinni importdan olib kirishlariga hech qanday to‘siq mavjud emas, deyiladi kompaniya xabarida.

UNG Petro xabarida Otabek Bakirovning benzin narxini 6000 so‘mdan 6100 so‘mga yoki 1,7 foizga oshirish haqidagi so‘zlari “bozor ulushining 2,3 foizini tashkil etgani uchun” “yumshoq qilib aytganda, noo‘rin” deb baholangan. Kompaniya sotilgan benzin hajmiga aniqlik kiritmagan.

Bunga javoban iqtisodchi ulushni o‘lchashning asosiy ko‘rsatkichlari yonilg‘i quyish shoxobchalari soni emas, balki qazib olish, ishlab chiqarish, import va sotuvlar hajmi ekanini ta’kidladi.

Prezidentning 2022-yil 19-dekabrdagi qarorida ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda 2226 ta benzin va dizel yonilg‘isi shoxobchalari mavjud.

O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan benzinning asosiy qismi “O‘zbekneftgaz” boshqaruvidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodidan olinadi. BNQIZ barcha Ai-80 benzinining 77 foizini, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi esa qolgan qismini ishlab chiqaradi, deb yozadi Otabek Bakirov. Birja ma’lumotlariga ko‘ra, birjada sotilayotgan benzinning kamida 80 foizi “O‘zbekneftgaz” va uning sho‘’ba korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yanvar-fevral oylarida benzin importining eng katta hajmi, xususan, Ai-80 markasi “O‘zbekneftgaz” tomonidan amalga oshirilgan.

Iqtisodchi “Agar eng katta qazib oluvchi monopolist bo‘lsa, eng katta ishlab chiqaruvchi monopolist bo‘lsa, eng katta importchi, eng katta sotuvchi monopolist bo‘lsa, demak, u monopol mavqeidan foydalangan holda narx manipulyatsiyalarini amalga oshira oladi”, — degan xulosaga kelgan.