“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi gaz taqsimlash stansiyasi davlat manfaatlariga 14,1 mlrd so‘mlik zarar yetkazgani aniqlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Mart oyida tumanning “Malikobod” mahallasida joylashgan Kogon magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli “Xo‘ja-Hasan” gaz taqsimlash stansiyasi sanoat kollektoriga o‘rnatilgan elektron gaz hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatgan.

Shu paytga qadar ushbu stansiya orqali tadbirkorlik subyektlariga qarashli 3 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi va 3 ta issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz yetkazib berilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, buning oqibatida davlat manfaatlariga yetkazilgan umumiy zarar miqdori 14,1 milliard so‘mni tashkil etgan. Holat yuzasidan hozirgi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.