E-Qaror portalida O‘zbekiston viloyatlari va shaharlari hokimliklarining yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi loyihasini targ‘ib qilish bo‘yicha targ‘ibot guruhlarini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorlari berkitildi.

Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahri hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov 27-mart kuni Konstitutsiyaning yangi tahrirdagi loyihasi mohiyatini aholiga yuqori saviyada yetkazish bo‘yicha targ‘ibot guruhlarini tuzish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi. Hujjatda guruhlarga 1000 dan ortiq kishi, jumladan, oqsoqollar, o‘qituvchi, shifokor, yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari va boshqalarni jalb etish haqida so‘z borgan bo‘lib, ularga 11 mingdan ortiq mahalla faollari ko‘maklashishi nazarda tutilgandi.

“Gazeta.uz"da e’lon qilingan xabardan so‘ng poytaxt hokimligi rahbari o‘z qarorini 31-mart kuni “Toshkent shahri adliya boshqarmasi taqdimnomasiga asosan” degan mazmunda bekor qildi. Tahririyat ushbu taqdimnoma sabablarini o‘rganish maqsadida Adliya vazirligiga so‘rov yuborgan, biroq hozircha javob kelgani yo‘q.

1-aprel kuni “Gazeta.uz” Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchisining 27-martdagi ushbu qarori E-Qaror portalidan olib tashlanganiga e’tibor qaratdi. Hokimlik matbuot xizmati esa murojaatga javob bermadi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasini targ‘ib qilish bo‘yicha guruhlarni tuzish qarorlari boshqa hududlarda ham qabul qilingan bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan edik. “Konstitutsiya” kalit so‘zi bo‘yicha qarorlarni qidirishda tizim 25−31-mart kunlari qabul qilingan 80 dan ortiq hujjatlar mavjudligini ko‘rsatdi. Biroq ularning aksariyati jamoatchilikdan yashirilgan (quyida qizil rangda ko‘rsatilgan).

e-qaror, konstitutsion islohot, targ‘ibot guruhlari

e-qaror, konstitutsion islohot, targ‘ibot guruhlari

e-qaror, konstitutsion islohot, targ‘ibot guruhlari

1-aprel kuni “konstitutsiya” so‘zi qidiruvga berilganda ushbu hujjatlar tizimda ko‘rsatilmagan. Yangi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha targ‘ibot ishlarini tashkil etish to‘g‘risidagi hokimlarning ilgari ochiq bo‘lgan qarorlari esa endilikda berkitilgan.

e-qaror, konstitutsion islohot, targ‘ibot guruhlari

e-qaror, konstitutsion islohot, targ‘ibot guruhlari

e-qaror, konstitutsion islohot, targ‘ibot guruhlari

Masalan, Samarqand shahri hokimi Fazliddin Umarov 25-mart kuni (“Gazeta.uz” nusxasini saqlab qo‘ygan) maktab direktorlari, shifokorlar, yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari, profilaktika inspektorlari, faollar va boshqalarni o‘z ichiga oluvchi 3360 dan ortiq kishidan iborat targ‘ibot guruhlarini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan.

“Gazeta.uz” materialidan keyin bu hujjat ham ommadan yashirilgan.

e-qaror, konstitutsion islohot, targ‘ibot guruhlari

e-qaror, konstitutsion islohot, targ‘ibot guruhlari

e-qaror, konstitutsion islohot, targ‘ibot guruhlari

e-qaror, konstitutsion islohot, targ‘ibot guruhlari

Qo‘shtepa va Xatirchi tumanlari hokimlarining qarorlari (31-mart va 1-aprel holatiga).

“Gazeta.uz” 2022-yil noyabr oyida Toshkent shahri hokimligi shahar budjetining daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi kengash qarorini yashirishga uringani haqida ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng Adliya vazirligi faqat hokimlar hujjatlarni e’lon qilish va ulardan foydalanishni cheklash huquqiga ega ekanini bildirgan.

Qonunchilikka muvofiq, hokimliklar tomonidan ayrim hollarda foydalanilishi cheklangan axborotlarni (mudofaa, xavfsizlik, shaxsga doir ma’lumotlar, vasiylik va homiylik hamda boshqalar) o‘z ichiga olgan qaror va farmoyishlar qabul qilinadi.