Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari AQShga noqonuniy yuborishga urinishning yana bir holatini aniqladi, deya xabar bermoqda O‘zA.

1996 yilda tug‘ilgan Samarqand shahrida yashovchi fuqaro J.Y. boshqa bir fuqaroni 50 ming dollar evaziga Toshkent-Yevropa ittifoqi-Meksika-AQSh yo‘nalishi orqali Qo‘shma Shtatlarga jo‘natishni va’da qilgan. Zarur hujjatlarni rasmiylashtirish uchun fuqaro N.T.dan avans sifatida 10 ming dollar olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Fuqaro J.Y.ga tegishli avtomashina ko‘zdan kechirilganida fuqaro N.T.ga tegishli xorijga chiqish pasporti, uning qizining ID-kartasi, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma va hokazolar borligi aniqlangan. Ashyoviy dalillar tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.