O‘zbekistonda gaz qazib olish ketma-ket uchinchi oydirki pasaymoqda. «Gazeta.uz» Statistika agentligining sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha ma’lumotlariga e’tibor qaratdi.

2022 yilda gaz qazib olish 4 foizga, ya’ni 53,8 mlrd dan 51,66 mlrd kub metrga kamaygan.

Dekabrda ishlab chiqarish hajmi 4,35 mlrd kub metrni, yanvarda 4,31 mlrd, fevralda 3,85 mlrd kubometrni tashkil etdi.

Shunday qilib, 2023 yilning yanvar-fevral oylarida zangori olov ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,2 foizga yoki 730,8 mln kub metrga kamaygan.

E’tiborlisi, fevral oyida ishlab chiqarishning pasayishi (2022 yilning fevraliga nisbatan -9%), anomal sovuqlar kuzatilgan yanvar oyiga nisbatan (o‘tgan yilning yanvariga nisbatan -7,5%) tezlashdi.

»gaz

Yanvar-fevral oylarida elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,1 foizga — 12,88 mlrd kVt/soatdan 12,6 mlrd kVt/soatga kamaygan. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yildan buyon bu oylarda elektr energiyasi ishlab chiqarishda pasayish kuzatilmagan. Shu bilan birga, Energetika vazirligi yanvar-fevral oylarida elektr energiyasi ishlab chiqarish 4 foizga oshgani haqida xabar berdi.

Issiqlik energiyasi ishlab chiqarish 5,9 foizga, ko‘mir 22,4 foizga, gaz kondensati 8,9 foizga kamaydi. Shu bilan birga, neft qazib olish 7,6 foizga oshdi.

Umuman olganda, joriy yilning ikki oyida sanoat ishlab chiqarishi fizik ko‘rinishda 3,9 foizga (yanvarda 9,9 foizga) kamaydi. Shu bilan birga, yil boshida prezident 2023 yilda bu ko‘rsatkichni 14 foizga oshirish imkoniyatini ta’kidlagan edi.

«Gazeta.uz» avvalroq tabiiy gaz bo‘yicha soliq stavkalari 3, neft va gaz kondensati uchun 2 baravar pasaytirilgani tufayli davlat budjetiga 2022 yilda yer qa’ridan foydalanganlik uchun 538,1 mlrd so‘m soliq tushmagani haqida yozgan edi. Shu bilan birga, gaz qazib olish 4%, gaz kondensati 2,8% ga kamaydi.

Avvalroq O‘zbekiston neft-gaz konlarida qaysi kompaniyalar ishlayotgani haqida batafsil ma’lum qilgan edik. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov Ozodlik radiosi tergoviga javoban 294 ta konning 118 tasi «O‘zbekneftgaz»ga tegishli ekani, 176 tasida xorijiy kompaniyalar ishlashini qayd etdi.

2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, eng katta tasdiqlangan zaxiralar — 934,1 mlrd kub metr gaz (joriy zaxiralarning 50 foizi) «O‘zbeknetfegaz» kompaniyasi tomonidan boshqariladi. «Lukoyl» 413,1 mlrd kub metr (22,1 foiz), Uz-Kor Gas Chemical — 109,6 mlrd kub metr (5,9 foiz), Surhan Gas Chemical — 106,6 milliard kub metr (5,8 foiz), Jizzakh Petroleum (hozirgi Saneg) 84,9 mlrd kub metr (4,5%) gaz zaxiralari bo‘lgan konlarda ishlagan. Ishlab chiqarishning katta qismi ham «O‘zbekneftgaz» hissasiga to‘g‘ri kelgan.