18 mart kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Ochiq budjet” portalida tashabbusli budjetlashtirish loyihasi bo‘yicha ovoz berish bosqichi boshlanganini e’lon qildi.

Tashabbusli yoki partisipator budjetlashtirish — aholining tashabbuslarini hisobga olgan holda budjet mablag‘larining muayyan bir qismini sarflash bo‘yicha ularning bevosita ishtirokida qarorlar qabul qilish hamda qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishini kuzatish amaliyoti.

2023 yilning birinchi mavsumi doirasida mamlakat bo‘yicha fuqarolar tomonidan ilgari surilgan loyihalarni moliyalashtirishga qariyb 1,7 trillion so‘m yo‘naltirilishi kutilmoqda. “Ochiq budjet” portali ma’lumotlariga ko‘ra, aholidan 55 970 ta tashabbus kelib tushgan.

Ushbu loyihalar bo‘yicha ovoz berish 7 aprelgacha davom etadi (ovoz berish bo‘yicha yo‘riqnoma).

ochiq budjet, tashabbusli budjet, tashabbusli budjetlashtirish

Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidagi moddiy-texnik bazasini yaxshilash talab etiladigan 14-maktab. Foto: openbudget.uz.

Fuqarolar har qanday loyiha uchun faqat bitta ovoz berish huquqiga ega. Eng ko‘p ovoz to‘plagan loyihalar g‘olib deb topiladi. G‘olib bo‘lgan loyihalar soni loyihalarni amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘dan kelib chiqib belgilanadi.

Ovoz berish yakunlariga ko‘ra g‘olib bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha tegishli tuman (shahar) hokimining qarori (farmoyishi) loyihasi tayyorlanmoqda. Bir hafta muddatda mazkur loyihalar xalq deputatlari kengashi ko‘rib chiqishi uchun kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida maktablar, yo‘llar va boshqa obyektlarni ta’mirlash bo‘yicha fuqarolarning tashabbuslari uchun 7,8 million ovoz to‘plangan “Tashabbusli budjet"ning ikkinchi mavsumi yakunlangan. Fuqarolar takliflarini amalga oshirish uchun jami 1 trillion 700 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.

Oktabr oyida prezident videoselektor yig‘ilishida “Tashabbusli budjet” loyihasini yanada kengaytirish va ommalashtirish zarurligini aytgandi. Shuningdek, bir hafta muddatda har biri 2 mingdan ortiq aholi ovozini to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 364 ta loyiha uchun qo‘shimcha 335 mlrd so‘m ajratishga ko‘rsatma bergan.

2023 yildan boshlab fuqarolar viloyat budjeti qo‘shimcha daromadlarining 30 foizini (bundan oldin faqat tuman va shahar), mahalla infratuzilmasi uchun mablag‘lar esa faqat “Tashabbusli budjet” orqali taqsimlanishi mumkin. Natijada 2023 yilda 3,5 barobar ko‘p — 8 trillion so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirilishi kutilmoqda.

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskaning ta’kidlaganidek, tashabbusli budjet fuqarolarning daxldorlik hissini sezilarli darajada oshirishi va hayot sifatini yaxshilashi mumkin. Qolaversa, u barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda samarali vositaga aylanishi mumkin, deb hisoblaydi doimiy vakil.

Eslatib o‘tamiz, “Gazeta.uz” mazkur platforma va undan foydalanish tartiblari haqida qo‘llanma tayyorlagan.