Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, shuningdek, prezident vakolatlariga o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda parlament tomonidan ma’qullangan yangi tahrirdagi «O‘zbekiston Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun loyihasida keltirib o‘tilgan.

Taklif etilayotgan loyihada Bosh qomusning moddalari soni amaldagi Konstitutsiyadagi 128 tadan 155 tagacha oshirilgan.

Parlament

Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari sonini 5 tadan 12 taga, Senatnikini 14 tadan 18 taga oshirish taklif etilmoqda. Prezidentning ijro va sud hokimiyati tizimini shakllantirish sohasidagi amaldagi vakolatlarining bir qismi parlamentga o‘tadi.

Palatalarning qo‘shma yurisdiksiyasiga korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yillik milliy hisobotni eshitish, davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash, parlament tekshiruvini o‘tkazish kabi vakolatlar kiritiladi.

O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash vakolati prezidentga o‘tkazilishi rejalashtirilgandi, biroq yakuniy tahrirda bu norma parlamentda qoldirildi.

Oliy Majlis palatalari faoliyatidagi funksiyalarning takrorlanishiga barham berilmoqda. Xususan, bosh vazir va hukumat a’zolarining hisobotlarini eshitish, davlat budjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasi raisining hisobotini eshitish kabi vakolatlar Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari sifatida belgilanyapti.

Quyi palata, shuningdek, prezident taklifiga binoan bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi (endi bu masala ikkala palataning birgalikdagi yurisdiksiyasida bo‘ladi).

O‘z navbatida, Senat prezident taqdimiga binoan korrupsiya hamda va monopoliyaga qarshi kurashish organlari rahbarlarini saylash, bosh prokuror, Hisob palatasi raisi lavozimlariga nomzodlarni tasdiqlash, elchilarning hisobotlarini eshitish vakolatiga ega bo‘ladi, shuningdek, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning nazorat vakolatlarini kuchaytira oladi.

Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga prezident tomonidan tavsiya etilgan nomzod bo‘yicha prezident va Senat o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazish tartibi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat tomonidan saylash tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Kengashlarning qonun hujjatlari normalariga mos kelmagan taqdirda, Senat qarorlarini bekor qilish ham Konstitutsiyaga kiritilgan.

Senat a’zolari sonini 100 nafardan 65 nafarga qisqartirish rejalashtirilgan, shu sababli 2024 yilda navbatdagi chaqiriqda har bir viloyatdan 4 nafardan (hozirgi 6 ta senator o‘rniga) senator saylanadi. Prezident tayinlashi mumkin bo‘lgan senatorlar soni 16 tadan 9 taga qisqaradi.

Qonunchilik palatasi va Senat deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismining ko‘pchilik ovozi bilan o‘z-o‘zini tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli bo‘ladi.

Prezident

Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, prezident fuqarolarning huquq va erkinliklariga, Konstitutsiya va qonunlarga, O‘zbekiston suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga rioya etilishining kafolatchisi hisoblanadi.

Bundan tashqari, Konstitutsiyada prezidentning yangi vakolatlarini birlashtirish rejalashtirilmoqda:

  • vazirliklar va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish va tugatish, keyinchalik ushbu masalalar yuzasidan qarorlarni Senat tasdig‘iga kiritish;
  • o‘z vakolatlarini amalga oshirishni ta’minlash maqsadida prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashini shakllantirish va unga rahbarlik qilish, prezident Administratsiyasini, shuningdek, prezident huzuridagi maslahat va boshqa organlarni shakllantirish.

Bundan tashqari, prezident viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarini bosh vazirning roziligisiz tayinlashi va lavozimidan ozod etishi mumkin.

Prezident O‘zbekiston davlat rahbari saylovini muddatidan oldin belgilash huquqiga ega bo‘ladi.

Bosh vazir nomzodi faqat Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan partiya bilan emas, balki barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlardan so‘ng prezident tomonidan taklif etiladi.

«Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov avvalroq hokimiyat tarmoqlarining haqqoniy bo‘linishi va reprezentativ demokratiyaning mustahkamlanishi bo‘yicha o‘zgartirishlar yetishmagani bo‘yicha o‘z fikrlari bilan bo‘lishgandi.