Amaldagi Konstitutsiyaga ko‘ra, O‘zbekistonda hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari kengashlari raisi lavozimini egallaydi. 30 aprel kuni referendumga qo‘yiladigan yangi Konstitutsiya loyihasiga ko‘ra, bu vakolatlarni bir-biridan ajratish ko‘zda tutilmoqda.

Toshkent shahri va viloyatlarda bu jarayon 2024 yildan (mahalliy kengashlarga saylov natijalariga ko‘ra), tuman va shaharlarda esa 2026 yil 1 yanvardan boshlanishi mumkin.

Kengashga, qonun hujjatlariga muvofiq, uning o‘rinbosarlari orasidan saylanadigan rais boshchilik qiladi. Viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida kengash raisi lavozimini egallashi mumkin emas.

Ayni bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq kengash raisi lavozimida ishlay olmaydi. Xuddi shunday talab hokimlar uchun ham tatbiq etilgan.

Shu bilan bir paytda, hujjatda hokimlarning kengash deputati, keyin esa senator etib saylanishiga taqiq qo‘yilmagan. Hozirda deyarli barcha viloyatlar hokimlari senator hisoblanadi.

«Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov avvalroq hokimiyat tarmoqlarining haqqoniy bo‘linishi va reprezentativ demokratiyaning mustahkamlanishi bo‘yicha o‘zgartirishlar yetishmagani bo‘yicha o‘z fikrlari bilan bo‘lishgandi.

Xususan, senatorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylovini (ular Senatda vakillik qilishi lozim bo‘lgan viloyatlar aholisi tomonidan saylanadi) joriy etish va senatorlarni davlat rahbari farmoni bilan tayinlash amaliyotidan voz kechishni taklif qilgan. Hozirda prezident 100 senatordan 16 nafarini, yangi loyihaga ko‘ra esa, 65 senatordan 9 nafarini tayinlashi mumkin.

Shuningdek, hokimlarni mahalliy aholi tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan ikki muddatdan ko‘p bo‘lmagan muddatga saylashni joriy etish taklifi ham ilgari surilgan. Shunday qilib, muddat to‘g‘risidagi norma yangi Konstitutsiya loyihasiga kiritilgan, saylov to‘g‘risidagi norma esa yo‘q.

Nega hokimlar senator etib saylanadi?

Sobiq adliya vaziri, hozirda prezident maslahatchisi Ruslanbek Davletov 2021 yil aprel oyida «Hoshimov iqtisodiyoti» loyihasiga bergan intervyusida nima uchun hokimlar senator etib saylanishini tushuntirib bergan. Unga ko‘ra, Oliy Majlis Senati (yuqori palatasi) hududiy vakillik organi bo‘lib, unda partiyaviy yondashuv va siyosiy qarashlar mavjud emas. Bundan tashqari, Senat senatorlar o‘z hududlari manfaatlarini ifoda etadigan platforma hisoblanadi.

«Har bir viloyatdan 6 nafar senator saylansa, ulardan bittasi etib hokimlar saylanib kelyapti. Viloyat hokimi hududdagi asosiy davlat xizmatchilaridan biri bo‘lgani uchun viloyatlar ularni saylaydi va Senatga yuboradi», — deb, hokimlar o‘z hududlari muammolarini yaxshiroq bilishini ta’kidlagan.

Adliya vazirligi rahbari Vazirlar Mahkamasi tarkibi parlamentning amaldagi a’zolaridan iborat bo‘lgan Buyuk Britaniya mamlakatini misol qilib keltirdi.

«Qonunchilik palatasida bunga yo‘l qo‘yilmaydi. Deputat doimiy ravishda deputatlik faoliyatini amalga oshirishi kerak. Siyosiy partiyalar va fraksiyalar mavjud bo‘lmagan Senatda esa hududiy ishtirok etishga Konstitutsiyada ruxsat berilgan», — dedi vazir.

«Hoshimov iqtisodiyoti» loyihasi muallifi Behzod Hoshimovning bunday tartib Konstitutsiyaning «mohiyati» va muvozanat tizimiga qay darajada mos keladi, degan savoliga, Ruslanbek Davletov Senat qonunchilik tashabbusi huquqiga ega emas, deb javob berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buni faqat Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, prezident, bosh prokuror, Oliy sud va Konstitutsiyaviy sud amalga oshirishi mumkin. Senatorlar, shuningdek, qonun matni ustida ishlamaydi, faqat qonun loyihasini Qonunchilik palatasi tomonidan kiritilganidan keyin ma’qullaydi yoki rad etadi.

Viloyat kengashlariga hokimlar raislik qilishi masalasiga kelsak, avvalroq Adliya vazirligi ushbu tartibni bekor qilish taklifini bergandi. Ruslanbek Davletovning o‘zi ham hokimlarga kengashni boshqarish va deputatlarga bosim o‘tkazish imkoniyatini beruvchi amaldagi tartibni bekor qilish tarafdori ekanini bildirggan.