“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi matni meningkonstitutsiyam.uz saytida e’lon qilindi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritish, moddalar sonini 128 tadan 155 taga oshirish rejalashtirilgan.

Hujjatda prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilgacha uzaytirish taklifi saqlanib qolgan, bu loyihaning o‘tgan yozda ommaga e’lon qilingan birinchi tahririda keltirilgan edi.

Qonun loyihasida bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston prezidenti bo‘lishi mumkin emasligi haqidagi qoida ham saqlanib qolgan.

Avvalroq yozganimizdek, hujjatga ko‘ra, Konstitutsiyaviy qonunning davlat hokimiyati mansabdor shaxslarining vakolat muddatlari, saylanish (tayinlanish) tartibi va (yoki) shartlarini o‘zgartiruvchi va (yoki) boshqacha tarzda ta’sir qiluvchi qoidalari ushbu Konstitutsiyaviy qonun kuchga kirgan paytda mazkur lavozimlarni egallab turgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi yozilgan.

Bu mansabdor shaxslarga prezident, shuningdek, Qonunchilik palatasi spikeri, Senat raisi, xalq deputatlari viloyatlar, tumanlar va shaharlar kengashlari raislari, hokimlar, Oliy sud raisi va raisining o‘rinbosari, Sudyalar oliy kengashining raisi va uning o‘rinbosari, Markaziy saylov komissiyasi raisi va bosh prokuror kiradi.

Saylovning yangi shartlari va vakolat muddati joriy etilgan Konstitutsiyaviy sudning amaldagi sudyalari o‘zlari saylangan muddat tugagunga qadar o‘z vakolatlarini amalga oshirishda davom etadi. Konstitutsiyaviy sud sudyalarining bo‘sh o‘rinlari Konstitutsiyaning yangi tahririda belgilangan tartibda to‘ldiriladi.

Konstitutsiyaning yangi tahriri 30-aprelga belgilangan referendum natijalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirishi kerak.

Bir kun avval — 14-mart kuni Oliy Majlis Senati Konstitutsiyaviy qonunni va uni umumxalq referendumiga qo‘yishni ma’qullagan edi. Senatorlarning 80 nafari qonunni ma’qullashga ovoz bergan, 1 nafari betaraf qolgan, 2 nafari ovoz berishda ishtirok etmagan.