Ukraina portlaridan dengiz orqali don eksporti bo‘yicha kelishuv 60 kunga uzaytirildi, deya xabar berdi RIA Novosti tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Grushkoga tayanib.

Biroq Ukraina tomoni o‘z hududidan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv oxirgi marta, 2022 yil noyabridagi kabi kamida 120 kunga uzaytirilishini talab qilmoqda, deb yozadi Euronews.

«Kiyev BMT va Turkiyaning rasmiy pozitsiyasini eshitishni istaydi, bu kelishuvda muhim tranzit mamlakat hisoblanadi», — deyiladi telekanal xabarida.

Turkiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, kelishuvni uzaytirish bo‘yicha muzokaralar hali ham davom etmoqda.

Amaldagi don shartnomasi muddati 18 martda tugaydi. O‘tgan yilning iyul oyidan buyon Qora dengiz orqali 1600 dan ortiq reyslar amalga oshirilib, 24 mln tonna g‘alla eksport qilindi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 13 mart kuni BMT Qora dengiz don tashabbusi «yaxlitligini saqlab qolish uchun hamma narsani qilishini» aytdi.