Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov rahbarligida bo‘lib o‘tgan vazirlikning navbatdan tashqari hay’at yig‘ilishida tizimdagi qator rahbar xodimlar lavozimidan ozod etildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Xususan, topshiriq va vazifalar hamda qo‘yilgan talablarni o‘z vaqtida bajarmagani sababli O‘zmedimpeks MCHJ direktori A.Nabiyev, Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi A.Sharipov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Shuningdek, o‘z yo‘nalishida yetarli natija ko‘rsata olmagani bois vazirlikning Dori vositalari va tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish va muruvvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i X.Ganiyeva hamda yana bir qator mas’ullar ishdan olindi.

Vazirning tegishli buyrug‘i bilan Investitsiya va grant loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajarib kelgan N.Rasulov ham o‘z lavozimidan ozod etildi.