So‘nggi vaqtlarda Rossiyada ishlayotgan mehnat migrantlari orasida bank xizmatlari bilan bog‘liq turli firibgarliklarga duch kelish holatlari yuz bermoqda, deya xabar berdi Tashqi migratsiya agentligi matbuot xizmati.

Xususan, qarindoshlariga pul o‘tkazish maqsadida mobil ilovadan foydalanish jarayonida mehnat migranti hisob raqamidan pul yechib olish yoki uning nomiga yuqori foizli kreditlar rasmiylashtirish kabi muammolar uchramoqda.

Ushbu holatlar bo‘yicha huquq-tartibot idoralari tomonidan qator surishtiruv ishlari boshlangan.

«Shu munosabat bilan, yurtdoshlarimizdan bank xizmatlaridan, xususan, pul o‘tkazish tizimlaridan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lishni, shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga ma’lum qilmaslikni so‘raymiz», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolariga katta pul evaziga narkotik yoki taqiqlangan moddalar solingan buyurtmalarni yetkazib berish taklif qilinayotgani ma’lum bo‘lgandi. Migratsiya agentligi fuqarolarni norasmiy kurerlik xizmatlariga ishonmaslikka, yetkazib berishdan oldin mahsulotni tekshirishga chaqirgandi.