Samarqandda 14 yashar qizni mashinasida aldab olib qochgan shaxs qamoqqa olindi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning 8 mart kuni soat taxminan 08:00 larda 1985 yilda tug‘ilgan fuqaro S. U. mast holda oq rangli Nexia 3 mashinasida Samarqandning Dahbed ko‘chasidagi o‘quv markazi oldida turgan 2009 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizga o‘zini kirakash, deb tanishtiradi. Shundan so‘ng, uni uyiga olib borishini aytib, aldab mashinaga o‘tqazib, qizning xonadoniga olib bormasdan, avtomashinani boshqa tomonga boshqarib ketgan.

«Voyaga yetmagan qiz mashinadan tushmoqchi bo‘lganida, fuqaro S. U. mashina eshiklarini qulflab qo‘ygan va transport vositasini Oqdaryo tumanidagi Boshdarxon MFY, Yangi obod qishlog‘igacha boshqarib boradi. Avtomashina shinasi bosimi chiqib ketganligi sababli S. U. pastga tushib, g‘ildiraklarga qarayotgan vaqtida qiz mashinadan qochib ketadi va o‘sha yerdagi fuqarolardan yordam so‘ragan», — deyiladi axborotda.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan qizning yaqinlari huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bilan murojaat qilgan.

Shundan so‘ng, olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida S. U. qo‘lga olingan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 137-moddasi (odam o‘g‘irlash) 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda qamoqqa olingan.