6 mart kuni Qamchiq dovonida tuproq-loy ko‘chkisi sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, soat 20:17 da A-373 avtomobil yo‘lining vodiy-Toshkent yo‘nalishida 70 metr kub tuproq-loy ko‘chkisi hodisasi sodir bo‘lib, yo‘lning 2- va 3-tasmasiga qisman tushishi kuzatilgan.

Voqea joyiga «Qamchiq» maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasi qutqaruvchilari yetib borib, «Qamchiqavtoyo‘l» IYFUK xodimlari bilan hamkorlikda yo‘lni tuproq-loy massasidan tozalash ishlarini amalga oshirdi va transport vositalarining xavfsiz harakati ta’minlandi.

«Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 6−10 martda tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligi xabar qilingan.