O‘zbekiston Rossiyadan gaz importini 1-martdan boshlamaydi. Bu haqda “Gazeta.uz” so‘roviga binoan Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Ishchi guruhlar imzolangan „yo‘l xaritasi“ doirasida o‘rganishni davom ettirmoqda. Hozircha aniq kelishuvga erishilmagan. Shu bois Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gaz importi 1-martdan boshlanmaydi”, — deyiladi Energetika vazirligi xabarida.

O‘zbekiston Energetika vazirligi va Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi 24-yanvar kuni gaz sanoati sohasida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzolagan. Bundan bir hafta oldin “Gazprom” Qozog‘iston bilan ham shunday hujjat imzolagandi.

Noyabr oyida Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘istonga “uch tomonlama gaz ittifoqi”ni tuzishni taklif qilgani ma’lum bo‘lgan.

O‘zbekiston Energetika vazirligining xabar berishicha, hamkorlikdan maqsad “mavjud gaz uzatish tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlab qolgan holda (boshqaruv huquqini to‘liq saqlab) zarur hajmlarda ichki bozorga gaz yetkazib berishdir”.

9-fevral kuni tomonlar Rossiya gazini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga yetkazish masalasini muhokama qilgan. “Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra (“Gazeta.uz” u bilan tanishishga muvaffaq bo‘ldi) 1-martdan yetkazib berishni boshlash rejalashtirilgan edi.

“Gazeta.uz”ning aniqlashicha, dastlab Rossiya tomoni Rossiyada ishlab chiqarilgan tabiiy gazni teskari tartibda, Qozog‘iston orqali “O‘rta Osiyo — Markaz” (CAC) quvuri orqali yetkazib berishni taklif qilgan.

Rossiya tomonining asosiy sharti O‘zbekiston gaz uzatish tizimini bozor qiymati bo‘yicha “Gazprom” tasarrufiga o‘tkazish edi. Bunday talablar ushbu shartlarga rozi bo‘lmagan “Qazaqgaz” milliy kompaniyasiga ham qo‘yilgan. Rossiya tomoni ilgari surgan ikkinchi shart Xitoyga gaz eksport qilish huquqidan voz kechish edi. Ya’ni “Gazprom” shartnomada O‘zbekistonning UzGasTrade kompaniyasi o‘rniga bo‘lishni taklif qilgan.

Kuni kecha Qozog‘iston 2023-yilda “Buxoro-Ural” gaz quvurining uchinchi tarmog‘i qurilishini boshlashni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Loyihaning qiymati 95,6 million dollarga baholanmoqda. O‘zbekiston tomoni yetkazib berish uchun qaysi gaz quvuri tanlanganini hozircha e’lon qilgani yo‘q.

“O‘rta Osiyo — Markaz” magistral gaz quvurining quvvati yiliga qariyb 50 milliard kub metr, “Buxoro-Ural” magistral gaz quvurining quvvati esa qariyb 8 milliard kub metrni tashkil etadi.