Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi haqidagi bashoratlar AQSh va Britaniya rasmiylari tomonidan 2021 yil oxiridayoq yangray boshlagan edi. Shunga qaramay, o‘sha paytda bir davlatning boshqa bir davlat suveren hududiga bostirib kirishi zamonaviy dunyo tartibiga sira mos kelmaydigan bir voqelik sifatida ko‘rilib, ko‘pchilik buning amalga oshishiga shubha bilan qaradi. Qolaversa, Rossiya hukumati Ukrainaga bostirib kirish rejasi haqidagi farazlarni doimiy ravishda inkor qilib keldi, ayni paytda Ukraina chegaralariga o‘z qo‘shinlarini joylashtirishda, ularning safini muttasil kengaytirishda davom etdi.

2022 yil 24 fevralda Rossiya Ukrainani «demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish zarurati» yuzasidan «maxsus harbiy operatsiya» boshlaganligini e’lon qildi. Ukrainada «maxsus-harbiy operatsiya» yorlig‘i ostida boshlangan urush, roppa-rosa bir yildirki, davom etib kelmoqda. Urushning birinchi oylarida tomonlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natija bermadi.

Chuqur globallashuv sharoitida urushning iqtisodiy oqibatlari faqatgina undagi ishtirokchi davlatlar bilan cheklanib qolmaydi. Bu urush pandemiya inqirozidan so‘ng tiklanish arafasida turgan butun boshli global iqtisodiyotga sezilarli zarba bo‘ldi. Quyida ikki davlat boshdan kechirayotgan, biroq badalini butun dunyo hamjamiyati birgalikda to‘lab kelayotgan ana shu urushning iqtisodiy oqibatlari haqida hikoya qilamiz.

Global o‘sishning sekinlashishi

2022 yilda energiya inqirozi, inflyatsion bosim va aholining real daromadlari qisqarishi kabi qator omillar ta’sirida global iqtisodiyotning sekinlashishi kuzatildi va global o‘sish ko‘rsatkichi 2021 yildagi qariyb 6 foizdan 3 foizgacha qisqardi. Jahon bankining tadqiqotlariga ko‘ra, 2023 yilda Ukrainadagi urushning davom etishi, energiya va oziq-ovqat mahsulotlarining yuqori inflyatsiyasi saqlanib qolishi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tovarlar taqchilligi fonida global YAIM o‘sishi 1,7 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ga ko‘ra, 2023 yildagi global o‘sishga asosan rivojlanayotgan Osiyo mamlakatlaridagi iqtisodiy o‘sish hisobiga erishiladi. AQSh va Yevropa mamlakatlari iqtisodiyoti sekinlashayotgan bir paytda global o‘sishning to‘rtdan uch qismi aynan rivojlanayotgan Osiyo mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.

россия-украина

Manba: Jahon banki

Rekord darajadagi inflyatsiya

2022 yilning oktabr oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (IMF) yillik global inflyatsiya ko‘rsatkichi 2021 yildagi 4,7 foizdan 2022 yil yakuniga kelib 8,8 foizgacha o‘sishi va 2023 yilda 6,5 foizgacha pasayishini prognoz qilgan edi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) mazkur ko‘rsatkichni 9,4 foiz (2023 yilda — 6,6 foiz) deb baholadi. 2022 yilda dunyoning o‘nlab mamlakatlarida ikki xonali, Venesuela, Sudan, Zimbabve, Turkiya va Argentina singari davlatlarda uch xonali inflyatsiya ko‘rsatkichi qayd etildi.

россия-украина

Manba: Statista

Eng birlamchi va doimiy ehtiyojlarni qondirishga mo‘ljallangan tovarlar — oziq-ovqat va uy-joy narxlari pandemiyadan oldingi davrdayoq ko‘tarila boshlagan edi. Ukrainadagi urush oqibatida energiya va oziq-ovqat bozoridagi taklif hamda ta’minot va qiymat zanjirlaridagi uzilishlarning vujudga kelishi mavjud inflyatsiyani yanada tezlashtirdi.

Ta’kidlash joizki, Rossiya va Ukraina iqtisodiyoti ko‘lami jihatidan global iqtisodiyotda yirik ulushga ega bo‘lmasa-da (2022 yilda mos ravishda 3,2 foiz va 0,3 foiz), har ikkala mamlakat jahon bozorida energiya va asosiy oziq-ovqat tovarlari ta’minotida muhim o‘rin tutadi. Shu nuqtai nazardan, Ukrainadagi urush energiya va oziq-ovqat bozorida qisqa muddatda jiddiy shoklarni keltirib chiqardi.

россия-украина

2020−2022 yillarda birlamchi ehtiyojlarga mo‘ljallangan tovarlar (Iste’mol narxlari indeksi (1), oziq-ovqat va alkogolsiz ichimliklar (2), uy-joy, ichimlik suvi, elektr energiyasi, gaz va boshqa yoqilg‘ilar (3)) narxlarining o‘sishi turli daromad guruhlari bo‘yicha mamlakatlar kesimida. Manba: WEF Global Risks 2023

Ukrainadagi urush energiya narxlarining 1970 yillardagi neft inqirozidan beri kuzatilmagan sur’atlarda o‘sishiga olib keldi. Jahon banki mutaxassislarining ma’lum qilishicha, 2023 yilda energiya narxlari o‘rtachadan 46 foiz yuqori darajada saqlanib qolishi kutilmoqda. OECD prognozlariga ko‘ra, energiya narxlarining o‘sishda davom etishi 2023 yilda global YAIMda 0,5 foiz yo‘qotishga va global inflyatsiyaning 0,7 foizga yuqoriroq bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

россия-украина

Manba: OECD

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Oziq-ovqat narxlari indeksi 2022 yilda 14,7 foizga o‘sdi va so‘nggi 30 yil ichidagi rekord darajasini qayd etdi. Jahon bankiga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab ichki bozorlarda oziq-ovqat narxlari inflyatsiyasi yuqoriligicha qolmoqda. 2022 yilning oktabridan 2023 yilning yanvarigacha bo‘lgan oxirgi oylardagi oziq-ovqat narxlari inflyatsiyasi bo‘yicha ma’lumotlar deyarli barcha past va o‘rta daromadli mamlakatlar yuqori darajadagi inflyatsiyani boshdan kechirayotganligini ko‘rsatadi. Oziq-ovqat narxlari o‘sishidan eng ko‘p zarar ko‘rgan mintaqalar qatorida Afrika, Shimoliy Amerika, Lotin Amerikasi, Janubiy Osiyo, Yevropa va Markaziy Osiyo sanab o‘tilgan.

Energoresurslar va oziq-ovqat narxlari rekord darajada o‘sishi ortidan chuqurlasha boshlagan yashash xarajatlari inqirozi Jahon iqtisodiy forumining (WEF) global xavf-xatarlarga bag‘ishlangan tadqiqotiga ko‘ra 2023 yil va kelgusi ikki yilda eng og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan global risk sifatida baholandi. Yashash xarajatlari inqirozi oqibatida aholining eng zaif qatlamlari birlamchi ehtiyojlarini qondirish imkoniyatidan mahrum bo‘lishlari mumkin. Xususan, inflyatsiyaning yuqori sur’atlarda o‘sishi pensiya yoshidagi aholi qatlamiga ham ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Qolaversa, oziq-ovqat, energiya va uy-joy narxlarining o‘sishi aholining real daromadlarini pasaytirib, eng birlamchi ehtiyojlar uchun sarf-xarajatlar o‘rtasida tanlov qilish zarurati oldida tang qoldirishi, natijada jamiyatda salomatlik va farovonlik darajasi pasayib ketishi mumkin.

Qayd etish joizki, narxlarning rekord darajada o‘sishi ortidan oziq-ovqat xavfsizligi, energiya xavfsizligi va diversifikatsiyasi kun tartibiga chiqdi. Biroq, hukumatlarning bu boradagi chora-tadbirlari aks ta’sirlarga sabab bo‘lmoqda.

Xususan, 2022 yil dekabr holatiga 30 dan ortiq davlatlar bir qator asosiy oziq-ovqat mahsulotlari eksportiga turli darajadagi cheklovlarni o‘rnatgan. Bu, o‘z navbatida, global bozorda narxlar shakllanishiga muayyan darajadagi bosimlarni keltirib chiqaradi. Ukrainada davom etayotgan urushning bahorgi ekish mavsumiga potensial ta’siri ham global oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solayotgan omillardan biri sifatida qayd etilmoqda. Shuningdek, qator mamlakatlar energiya xavfsizligini ta’minlash maqsadida ko‘mir va boshqa qazib olinadigan yoqilg‘i turlariga qaytishga majbur bo‘lmoqda.

Gumanitar inqirozning chuqurlashuvi

2022 yilda global miqyosda gumanitar inqiroz sezilarli darajada chuqurlashdi. Yilning birinchi yarmidayoq dunyo bo‘ylab turli ta’qiblar, nizolar, zo‘ravonliklar, inson huquqlari buzilishi yoki siyosiy tartibsizliklar oqibatida o‘z vatanini tark etgan, shuningdek, o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan, biroq o‘z vatanida yashashni davom ettirayotganlar soni 100 milliondan oshib ketgan edi. BMTning ma’lum qilishicha, 2022 yilda insonparvarlik yordami va himoyaga muhtoj insonlar soni 274 millionni (2021 yilda — 235 million) tashkil etdi. WEF hisob-kitoblariga ko‘ra, insonparvarlik yordamiga muhtoj bo‘lgan kishilar soni 2023 yilda 340 millionga yetishi kutilmoqda.

россия-украина

Manba: WEF

BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha agentligiga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi dunyo miqyosida gumanitar inqirozni chuqurlashtirib, Ikkinchi Jahon urushidan keyingi davrda kuzatilgan eng tez va eng yirik qochqinlar hamda mamlakat ichida o‘z yashash joyini tark etganlar inqiroziga sabab bo‘ldi. Hozirda Ukraina aholisining 40 foizdan ziyod qismi — 17,6 million nafar tinch aholi vakillari insonparvarlik yordamiga muhtoj. Shu jumladan qariyb 8 milliondan ortiq ukrainaliklar o‘z vatanini tashlab chiqishga majbur bo‘lib, Yevropa mamlakatlaridan panoh topgan, 6,5 million ukrainaliklar esa o‘z uylarini tark etib, mamlakatning boshqa hududlarida jon saqlamoqda.

Qochqinlarning asosiy qismini — 60 foizdan ortig‘ini Rossiya, Polsha va Chexiya qabul qilgan. Qisqa vaqt ichida ko‘p sonli qochqinlarning kirib kelishi qabul qiluvchi mamlakat uchun ularni birlamchi ehtiyoj vositalari, xususan, boshpana, oziq-ovqat hamda zarur tibbiy xizmat va vositalar bilan ta’minlash zaruratini tug‘diradi. Qolaversa, bu qabul qiluvchi mamlakat mehnat bozoriga muayyan darajadagi bosimlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar

WEF ga ko‘ra, 2022 yilda ta’minot zanjirlarida yuzaga kelgan uzilishlarga quyidagi besh omil eng ko‘p ta’sir ko‘rsatgan (shundan kamida uchtasi bevosita Ukrainadagi urush oqibatlari bilan bog‘liq):

  • Yashash xarajatlarining o‘sishi — yuqori darajadagi inflyatsiya iste’molchilarning talabini oldindan baholashni qiyinlashtiradi;
  • Ish tashlashlar — real daromadlar pasayishi ortidan ishchilar ish haqi darajasini oshirish talabini qo‘yishmoqda, ishlab chiqaruvchilarning bunga javoban xatti-harakatlari ta’minot zanjirlariga ta’sir ko‘rsatadi;
  • Energiya taqchilligi — energiya yetishmovchiligi sabab biznes vakillari muqobil energiya manbalarini topish, ishlab chiqarish ko‘lamini pasaytirish yoki faoliyatni to‘xtatish kabi tanlovlarga duchor bo‘ldi;
  • Geosiyosiy noaniqliklar — Ukraina va Rossiya, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi keskinlik muhim savdo yo‘llarini xatarli qilib qo‘ydi;
  • Ekstremal ob-havo sharoitlari — qurg‘oqchilik va suv sathining pasayishi muhim savdo yo‘llari orqali tashishni qiyinlashtirdi.

Ukraina jahon YAIMida nisbatan kichik ulushga ega bo‘lishiga qaramay, global miqyosda qishloq xo‘jaligi, xususan, don mahsulotlarining yirik yetkazib beruvchisi hisoblanadi. Bundan tashqari, Ukrainaning avtomobilsozlik va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishda foydalaniluvchi muayyan turdagi muhim elementlar va past texnologiyali yarim tayyor mahsulotlar eksporti, ayniqsa, Yevropada avtomobil sanoati qiymat zanjirida muhim ahamiyatga ega. Rossiya, o‘z navbatida, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda zarur bo‘lgan o‘g‘itlar, energoresurslar va sanoat ishlab chiqarishda keng foydalaniladigan bir qator xomashyo (metallar) mahsulotlari eksportida yetakchi hisoblanadi.

россия-украина

Muayyan turdagi xomashyo mahsulotlari global ishlab chiqarish va eksportida Rossiyaning ulushi (2020 yil). Manba: OECD

Shu nuqtai nazardan, urushning dastlabki kunlaridayoq oziq-ovqat ta’minot zanjirlaridagi uzilish va narxlarning keskin o‘sishi global bozorda aks sado berdi. Ukrainada urush oqibatida mamlakatning qishloq xo‘jaligi infratuzilmasiga jiddiy shikast yetkazildi. Qolaversa, Rossiyaga nisbatan kiritilgan sanksiyalar, shu jumladan, tashqi savdodagi cheklovlar, Rossiya hududidan o‘tuvchi savdo yo‘laklarining yopilishi, Ukrainadagi oziq-ovqat eksportining jahon bozoriga yetkazilishini ta’minlovchi dengiz yo‘llarining to‘sib qo‘yilishi yoki egallab olinishi va, umuman, geosiyosiy tartibsizlik hamda noaniqliklar global miqyosda ta’minot va qiymat zanjirlari hamda logistikaning barcha bosqichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Xalqaro savdoda tashish xarajatlarining o‘sishi kuzatildi.

россия-украина

Global tashishda yetkazib berish vaqti va xarajatlarining o‘sishi: urushning dastlabki oylarida yetkazib berish qimmatlashgan va uzoqroq vaqt talab qila boshlagan. Aprel oyidan so‘ng vaziyat nisbatan yumshaganini ko‘rish mumkin. Manba: Jahon banki

Urushning Ukraina va Rossiya iqtisodiyotiga ta’siri

Jahon banki urush oqibatida Ukraina iqtisodiyotining 2022 yildagi potensial qisqarishini 35 foizga baholadi. Bundan tashqari, mamlakatda ishlab chiqarish quvvatlari to‘xtadi yoki vayron qilindi, qishloq xo‘jaligi yerlari jiddiy zarar ko‘rdi, ishchi kuchi, shu jumladan, inqirozdan qayta tiklanish uchun zarur bo‘lgan inson kapitali yo‘qotildi. Raketa hujumlari mamlakatdagi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan infrastruktura hamda ijtimoiy obyektlarga jiddiy zarar yetkazdi. Natijada mahalliy aholi birlamchi ehtiyojlar uchun zarur xizmatlar, shu jumladan, elektr energiyasi va ichimlik suvi ta’minotidan uzilib qoldi. Ukrainada harbiy harakatlar oqibatida infratuzilmaga yetkazilgan zarar 113,5 mlrd dollarga baholanmoqda.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainadagi urush natijasida 18,8 mingdan ziyod tinch aholi vakillari jabr ko‘rgan, shundan 11,6 mingdan ortig‘i jarohatlangan, salkam 7,2 ming kishi halok bo‘lgan (2023 yil, 6 fevral holatiga). Bu rasman tasdiqlangan raqamlar bo‘lib, haqiqiy yo‘qotishlar bundan ko‘proq bo‘lish ehtimoli yuqori.

Jahon bankiga ko‘ra, mamlakatda ijtimoiy, ishlab chiqarish va infratuzilma obyektlarini qayta tiklash va ta’mirlash uchun kamida 349 mlrd dollar — 2021 yilgi Ukraina YAIMidan bir yarim barobar ko‘proq — mablag‘ talab qilinadi. Ayni paytda, hozirgi kunga qadar mamlakatga dunyo mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan 54 mlrd dollarlik harbiy, moliyaviy hamda insonparvarlik yordami ko‘rsatilgan.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2022 yilda Rossiya iqtisodiyoti 3,4 foizga qisqarishini prognoz qilgan edi. Rossiya Federal statistika xizmati o‘tgan yilda mamlakat iqtisodiyoti 2,1 foizga qisqarganini ma’lum qildi. Kollektiv G‘arb sanksiyalari ostida Rossiya moliya va bank sektori jiddiy bosimga uchradi. Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina o‘tgan yil noyabr oyida G‘arb sanksiyalarining Rossiya va jahon iqtisodiyotiga ta’siri muqarrar ekanligini ta’kidlagan edi.

Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirganining dastlabki kunlaridan boshlab AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va qator Yevropa davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar kirita boshladi. Sanksiyalar asosan Rossiya moliya tizimiga zarba berishga qaratilgan bo‘lib, jumladan, Rossiyaning Yevropa Ittifoqi, AQSh va Kanadadagi aktivlarini muzlatish, bir qator rus banklarini xalqaro SWIFT tizimidan uzib qo‘yish, tashqi qarz mablag‘larini jalb qilishga cheklov o‘rnatish, bir so‘z bilan aytganda, urushning moliyalashtirish manbasiga aylanishi mumkin bo‘lgan moliyaviy resurslarni imkon qadar cheklashni ko‘zladi. Bundan tashqari, Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, dunyoda yetakchi va nufuzli xalqaro kompaniyalarning aksariyati, Ukrainadagi urushga qarshi pozitsiyasini namoyish etish yoki sanksiyalarga tushib qolish riskidan o‘zini himoyalash maqsadida, Rossiya hududida o‘z faoliyatini vaqtinchalik yoki butunlay to‘xtatib, birin-ketin mamlakat bozorini tark etdi. Shu bilan birga mamlakatdan chet el kapitali ham chiqib keta boshladi.

Urush boshlanganidan keyingi dastlabki oylarda Rossiya oxirgi 20 yillikdagi rekord narxlarni boshdan kechirdi. Sanksiyalar sabab tashqi savdoda ham muayyan to‘siqlarga duch kela boshladi. Yuqori texnologiyali mahsulotlar importi bilan bog‘liq qiyinchiliklar ishlab chiqarishni sekinlashtirmoqda. Shuningdek, kollektiv G‘arb Rossiya energiya resurslaridan bosqichma-bosqich voz kechib kelmoqda. Shunga qaramay, neft va gaz narxlarining rekord darajada ko‘tarilishi Rossiyaga urushni moliyalashtirish imkonini berdi.

россия-украина

Rossiyada inflyatsiya ko‘rsatkichi, 2022 yil yanvar — 2023 yil yanvar. Manba: Statista

Urush boshlanganidan keyin mamlakatda urushga qarshi norozilik namoyishlari avj oldi. sentabr oyidagi safarbarlik chaqiruvi mamlakatda navbatdagi norozilik namoyishlari to‘lqinini keltirib chiqardi. Namoyishlar kuchishlatar tuzilmalar yordamida tarqatib yuborildi va minglab namoyishchilar hibsga olindi. 2022 yilning sentabr oyida e’lon qilingan safarbarlik ortidan qariyb 1 million rossiyaliklar mamlakatni tashlab chiqdi.

Hozirda Rossiyaga nisbatan kiritilgan sanksiyalardan nafaqat Rossiya, balki sanksiyalarni joriy etgan mamlakatlar, xususan, Yevropa mamlakatlari ham birdek aziyat chekmoqda. Mutaxassislarning fikricha, Rossiya iqtisodiyoti nisbatan qisqa davrda sanksiyalarga dosh bera olishi mumkin, shunga qaramay, uzoq muddatda ularning oqibatlari mamlakat iqtisodiyotida sezilarli yo‘qotishlarga olib keladi. Yevropa mamlakatlari esa qisqa davrda Rossiyadan kirib keluvchi energiya resurslari importining yo‘qotilgan qismini qoplash bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelishadi. Biroq, uzoq muddatda qayta tiklanadigan energiyaga o‘tishning tezlashishi hisobiga sohani izga solishga muvaffaq bo‘lishlari mumkin.