Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatidagi hayvonot bog‘ida Qozog‘istondan olib kelingan Maksim laqabli jirafa nobud bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu ma’lumotni «Gazeta.uz»ga zoopark direktori Tursunali Mamajonov tasdiqladi.

Bog‘ direktori holatga izoh berar ekan, jirafaning o‘limiga anomal sovuq sabab bo‘lganini aytdi.

«Xonasi kichikligi uchun tashqariga — toza havoga, shamollatishga olib chiqib turardik. Oxirgi payt ko‘p yotadigan bo‘lib qolgandi. Anomal sovuq kunlarida tashqariga chiqarganimizda shamollab qolibdi, buni o‘lgandan keyin bildik. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi, Tabiat vazirligi viloyat boshqarmasi va boshqa tashkilotlardan mutaxassilarni chaqirtirib, jasadini tekshirtirdik, o‘shanda shamollagani ma’lum bo‘ldi. Go‘shtini esa hayvonlarga tarqatdik», — dedi Tursunali Mamajonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, anomal sovuqda boshqa mayda jonzotlar, xususan, qushlar ham nobud bo‘lgan, biroq boshqa yirik hayvonlarga zarar yetmagan.

Tursunali Mamajonov prezidentning Farg‘onaga tashrifi davomida hayvonot bog‘ini rekonstruksiya qilishga va uni yangi jonzotlar bilan boyitishga mablag‘ ajratilishi belgilanganini ta’kidladi.

Bundan 7 oycha avval Toshkent hayvonot bog‘idagi Alatau laqabli jirafa ham miya ishemiyasi sabab vafot etgandi. U O‘zbekiston poytaxtiga 2016 yilda uch yoshligida Olmaota hayvonot bog‘idan olib kelingandi.