20 fevral kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Yevropaga tashrifi doirasida Kiyevga bordi. Bu haqda Ukraina OAVlariga tayanib, «Meduza» xabar bermoqda.

Amerika yetakchisi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan Mixaylovskiy maydonida ko‘rishdi va urushda halok bo‘lgan ukrain harbiy xizmatchilarining xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Bu paytda shaharda havo hujumidan ogohlantiruvchi trevoga yangradi.

Vladimir Zelenskiy AQSh prezidentining tashrifini rasman tasdiqladi. «Jozef Bayden, Kiyevga xush kelibsiz! Sizning tashrifingiz barcha ukrainaliklarni qo‘llab-quvvatlashning juda muhim ifodasidir», — dedi u.

Keyinroq Bayden ham «AQSh Ukrainaning demokratiyasi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiqligini yana bir bor tasdiqlash uchun» Kiyevga kelganini rasman e’lon qildi.

Shu paytga qadar Baydenning Kiyevga tashrifi biror manbada e’lon qilinmagan. Oq uyning xabar berishicha, Bayden 20−22 fevral kunlari Polshaga tashrif buyuradi va u yerda prezident Anjey Duda bilan uchrashadi. Shuningdek, u Rossiya-Ukraina urushining bir yilligi arafasida nutq so‘zlaydi.