14 fevral kuni O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov oliygoh rektorlariga barcha talabalarning holatini o‘rganib, ularni shartli ravishda odobiga ko‘ra guruhlarga ajratish va ro‘yxatini shakllantirish topshirig‘ini bergani aytilmoqda. Bu haqda ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov o‘zining Telegram kanalida yozib qoldirdi.

«Shoshilinch» yorlig‘i bilan yuborilgan axborotda talabalar quyidagi guruhlarga ajratishi so‘ralgan:

  1. Jinoyatchilikka moyil talabalar;
  2. Yot g‘oyalar ta’siriga tushish arafasidagi talabalar;
  3. Tartib-qoidalarga rioya etmaydigan talabalar.

Ajratib olingan talabalarga vazirlik va oliy ta’lim muassasalarining rahbar-xodimlarini biriktirish, ularning ota-onalari bilan individual suhbatlar tashkil etib borish, talabalar bilar individual ish olib borish qayd etilgan.

Vazir Ibrohim Abdurahmonov tomonidan o‘tkazilgan majlisda OTMlarga berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha sifatli ma’lumotlarni 3 kunda j.mirzakarimov@mininnovation.uz elektron manziliga (asoslovchi hujjatlarni ilova qilgan holda word va pdf shaklda) birinchi rahbar imzosi bilan tasdiqlagan holda yuborish so‘ralgan.

иброҳим абдuраҳмонов, oliy ta’lim vazirligi
Foto: kun.uz

Mazkur holatga ekspert Komil Jalilov munosabat bildirar ekan, u Adliya vazirligi va huquqshunoslarga qator savollar bilan murojaat qildi. Xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasidagi har kim shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish, fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega ekanligi to‘g‘risidagi moddalarni eslatib o‘tdi.

Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmasligi, davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquq va erkinliklarini ta’minlashi haqidagi moddalarni keltirib o‘tdi.

«Talabani (umuman shaxsni) „jinoyatchilikka moyil“, „yot g‘oyalar ta’siriga tushish arafasida“ singari ro‘yxatlarga tirkash, umuman, davlat organi tomonidan bunday ro‘yxatlarning shakllantirilishi va yuritilishi Konstitutsiyaning yuqorida keltirilgan normalariga va aybsizlik prezumpsiyasiga qay darajada mos keladi?» — deb yozadi u.

Shuningdek, ekspert xatdagi boshqa «qiziq» bandlariga ham e’tibor qaratdi:

  • yoshlar o‘rtasida paydo bo‘layotgan yomon illatlardan ogoh qilish maqsadida ta’sirchan qisqa hikoyalar nashr qilish, OTMlarda spektakllar namoyish etish;
  • quyosh panellarini o‘z mablag‘lari hisobidan o‘rnatish, isitish tizimlarini (kotyollarni) ko‘mirga o‘tkazish, muqobil energetikani joriy etish bo‘yicha dastur ishlab chiqish;
  • OTMning «sharaf» kodeksini yaratish, xodimlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati bo‘yicha e’lon qilinayotgan maqola va fikrlarga tizim sha’nini himoya qilish bo‘yicha o‘z fikrlari bilan ishtirok etishi bo‘yicha tushuntirishlar olib borish.

Holat yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hozircha biror munosabat bildirmagan.

Avvalroq Ibrohim Abdurahmonovning OTM rektorlari va prorektorlari bilan uchrashuvda ishsiz bitiruvchilari ko‘p bo‘lgan universitetlar yopilishi haqida aytgan gaplari jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgandi.