Open Data Watch tashkilotining The Open Data Inventory (ODIN) ma’lumotlar ochiqligi bo‘yicha global reytingida O‘zbekiston 66 ball bilan dunyoda 40-o‘rinni egalladi. 2020 yilda mamlakat 63 ball bilan 44-o‘rinda edi.

Ochiq ma’lumotlar inventarizatsiyasi (ODIN) reytingi ochiq ma’lumotlar siyosatini ilgari surish, ulardan foydalanish imkoniyatini yaxshilash va milliy statistika idoralari va ma’lumotlardan foydalanuvchilar o‘rtasidagi muloqotni rag‘batlantirish uchun rasmiy statistikaning qamrovi va ochiqligini baholaydi. Unda mamlakatning statistik takliflari qanchalik to‘liqligini va ulardagi ma’lumotlar xalqaro ochiqlik standartiga mos kelishi o‘lchanadi.

opendatawatch
Reyting 2020 va 2022 yillar natijalariga asoslangan.

2020−2022 yillar oralig‘ida O‘zbekiston umumiy ball ma’lumotlar qamrovi (data coverage) bo‘yicha 52 dan 56 ga va ma’lumotlarning ochiqligi (data openness) bo‘yicha 72 dan 74 ballga ko‘tarilgan.

Natijalarga qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekiston ijtimoiy va iqtisodiy statistika bo‘yicha o‘z mavqeini yaxshilagan, lekin atrof-muhit ifloslanishi ko‘rsatkichi bo‘yicha natija yomonlashgan. Xususan, agar «ifloslanish» bo‘limida 2020 yilda mamlakatda 56 ball bo‘lgan bo‘lsa, bugun u 0 ball etib belgilanib turibdi. Shu bilan birga, Statistika agentligi o‘z saytida atmosferaga chiqayotgan ifloslantiruvchi moddalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.

opendatawatch

«Gazeta.uz»ning ifloslanish bo‘yicha ballar keskin pasaygani haqidagi so‘roviga javoban Statistika agentligi matbuot xizmati reytingning ayrim bo‘limlarini baholash bo‘yicha Open Data Watch bilan bog‘langanini ma’lum qildi. Tashkilot hisob-kitoblarga aniqlik kiritish va ularni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berish uchun O‘zbekistonga ekspertlar guruhini yuborishini ma’lum qildi, deyiladi agentlik xabarida.

Reytingga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston birinchi o‘rinni egallab turibdi. Jahon reytingida Qozog‘iston 48, Qirg‘iziston 89, Tojikiston 120 va Turkmaniston 192-o‘rinlarda bormoqda.

2022 yilgi reyting natijalariga ko‘ra Singapur birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, ulardan keyin Daniya va Finlyandiya uchlikka yakun yasagan.