Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Rahmonov 16 fevral kuni uchta tuman hokimiga hayfsan intizomiy jazosini qo‘llashga oid farmoyishni imzoladi.

Hujjat bilan Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Irgashev Shavkatbek Turdiyevich, Uchtepa tumani hokimi Abdullayev Farxod Ravshanovich va Yunusobod tumani hokimi Abduvaliyev Boxadir Abdulxayevichlarga jazo qo‘llanilgan.

Bunga «prezident Administratsiyasining 30 yanvardagi xatiga asosan hududda qishga tayyorgarlik hamda uni betalafot o‘tkazish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmaganligi, mahallalarga chiqib, aholi bilan muloqotlar va tushuntirish ishlari olib borilmaganligi» sabab qilib ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 16 yanvardagi videoselektorda Shavkat Mirziyoyev «quruq gap va yolg‘on hisoboti uchun» poytaxtning o‘shandagi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni lavozimidan ozod qilingandi. O‘sha kuniyoq prezident matbuot kotibi yuqoridagi uch tuman hokimlariga hayfsan berilgani, ularning lavozimi v.b.gacha tushirilganini ma’lum qilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, xabar tahrirlanib, matndagi tuman hokimlarining lavozimini tushirishga oid hamda DXX va Bosh prokuraturaga ularning faoliyatini tekshirish bo‘yicha vazifa yuklatilgan qismi olib tashlandi.

Ma’lumot o‘rnida, poytaxtning yangi hokimi v.b. Baxtiyor Rahmonov o‘z ishini kadrlar almashinuvidan boshladi. Birinchi galda Jahongir Ortiqxo‘jayevning yordamchisi Muzaffar Abdurahmonov bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qildi.

Bundan tashqari, u budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar qurilishiga buyurtmachi vazifasini bajaruvchi «Yagona buyurtmachi xizmati» rahbarini ham almashtirdi. Rahmatullaxo‘ja Kuchkarovning o‘rnini (oldin ham xizmatga rahbarlik qilgan) Sobirjon Oripov egalladi.

Baxtiyor Rahmonovning keyingi harakati Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Umarovni ishdan bo‘shatishga qaratildi. Uning o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Rustam Yusupov esa boshqarmaga rahbar bo‘ldi.