Vazirlar Mahkamasining 15 fevraldagi qarori bilan prezident sovrini uchun «Raqamli texnologiyalar yo‘nalishida eng yaxshi startap» (President Tech Award) tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram`dagi «Huquqiy axborot» kanalida ma’lum qilindi.
Tanlov 2023 yil may oyidan har yili quyidagi 5 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi:
- sun’iy intellekt texnologiyalari;
- ijtimoiy yo‘nalishda raqamli texnologiyalar;
- axborot va kiberxavfsizlik texnologiyalari;
- tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar;
- kompyuter va mobil o‘yin dasturlari.
72 soat ichida raqamli yechim yaratishni nazarda tutuvchi Xakaton gran-prisi esa maxsus yo‘nalishga aylanadi (100 000 dollar (bitta g‘olib)).
Tanlovning asosiy yo‘nalishlarida 30 yoshga to‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari bir jamoa tarkibida (3−8 kishi) qatnashadi.
Maxsus yo‘nalishda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidenti bo‘lgan tashkilotlarda ishlayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham (3−5 kishi) ishtirok etishi mumkin.
Tanlov g‘oliblari quyidagi tartibda aniqlanadi:
- asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha — jamoatchilik tomonidan maxsus portalda ovoz berish orqali;
- maxsus yo‘nalish bo‘yicha — axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan.
Tanlov g‘oliblari quyidagicha taqdirlanadi:
5 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha:
- 1-o‘rin uchun — 100 ming dollar;
- 2-o‘rin uchun — 50 ming dollar;
- 3-o‘rin uchun — 30 ming dollar;
- maxsus yo‘nalish bo‘yicha (bitta) — 100 ming dollar.
Tanlovda ishtirok etish uchun pul undirilmaydi.
IT matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, tanlov 5 bosqichda o‘tkaziladi:
- arizalarni qabul qilish — 1 maydan 1 iyulgacha;
- dastlabki saralash — 1 iyuldan 25 iyulgacha;
- tanlangan loyihalarni onlayn baholash — 5 sentabrdan 5 oktabrgacha;
- oflayn baholash (demo kuni) — 5 noyabrdan 10 noyabrgacha;
- g‘oliblarni aniqlash va taqdirlash — 20 noyabr — 25 dekabr.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari 2022 yil iyul oyida IT sohasida yosh iqtidorlarni aniqlash bo‘yicha prezident tanlovini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan va uning sovrin fondiga 1 million dollar ajratishni taklif qilgan edi.