O‘zbekistonda konlarga xorijiy kompaniyalarni jalb qilish ishlariga parlament ham mas’ul bo‘lishi kerak. Ushbu fikr Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Yuksalish» milliy harakati rahbari Bobur Bekmurodov tomonidan ilgari surildi.

«Gaz va energiya ishlab chiqarish bozorida ishlayotgan kompaniyalar parlament oldida hisobdor bo‘lishi kerak. Konlarga xorijiy kompaniyalarni jalb qilish ishlariga Parlament ham mas’ul bo‘lishi — har qanday ehtimoliy ta’sirlarning oldini oladi. Buni qonunchilik bilan belgilash zarur», — deb yozdi u.

U «Ozodlik»ning neft va gaz konlari xorij kompaniyalariga maxfiy hujjatlar asosida o‘tkazilgani va mamlakat energetika sohasidagi noshaffof bitimlar haqida xabar berilgan «Maxfiy kelishuvlar — o‘zbekni gazsiz qoldirgan «vallomatlar» kim» sarlavhali surishtiruviga ham izoh berdi. Uning fikricha, surishtiruv manipulyativ va provokatsion xarakterga ega.

«O‘zbekiston siyosati mustaqil va milliy manfaatlar asosida olib borilmoqda. Bu ro‘y berayotgan global siyosiy jarayonlarga mamlakatimiz yondashuvlarida ham yaqqol ko‘rinmoqda. Dunyoning nufuzli siyosiy liderlari ham mamlakatimizning aynan mustaqil ichki va tashqi siyosatini e’tirof etmoqda», — deb hisoblaydi u.

Deputat 2022 yil dekabrida prezident Shavkat Mirziyoyevning gaz ishlab chiqarishga oldin berilgan barcha litsenziyalar qayta ko‘rib chiqilishi, milliy manfaatlar mezonidan o‘tkazilishi haqida ma’lum qilganini eslab o‘tdi.

Bobur Bekmurodovning fikricha, jamoatchilik rasmiy idoralarga savollarni qo‘yishi to‘g‘ri, ammo axborot hurujlari vibratsiyasiga tushmasligi lozim.

«O‘zbekistonda boshlangan demokratik islohotlar, iqtisodiyot modernizatsiyasi kursi izchil davom etishi, manipulyatsiyalarga jamiyat immuniteti shakllanishi obyektiv zaruratdir», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 12 fevral kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda O‘zbekiston barcha gaz va neftga oid eksklyuziv huquqni Rossiyaga qarashli kompaniyaga 35 yilga bergani haqidagi ma’lumotni rad etdi. «Ekspluatatsiyada bo‘lgan konlarning asosiy qismi «O‘zbekneftgaz»ga tegishli», — dedi u.

Energetika vazirligi rahbari va «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi raisi Mehriddin Abdullayevning ma’lum qilishicha, mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitimlarni (SRP) parlament orqali tasdiqlash bo‘yicha hukumatga taklif kiritilgan. Ularning ta’kidlashicha, bu amaliyot Ozarbayjonda qo‘llaniladi. Bundan tashqari, ekspluatatsiya qilinadigan konlarni boshqa kompaniyalarga berishni taqiqlash rejalashtirilmoqda.