O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov OTM rektorlari va prorektorlari bilan uchrashuvda universitet binolariga quyosh batareyalarini o‘rnatishni jadallashtirish, xodimlar o‘rtasida ma’naviy-ma'rifiy ishlarni kengaytirish va aholi bandligini ta’minlash masalalarini muhokama qildi. Unda vazirning ishsiz bitiruvchilari ko‘p bo‘lgan universitetlar yopilishi haqida aytgan gaplari jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar ichida iqtidorli talabalar ro‘yxatini shakllantirish va ular bilan ishlashning alohida mexanizmini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Vazir oliy va kasb-hunar ta’limi muassasalari, ayniqsa, nodavlat oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratish lozimligi haqida ogohlantirdi. Bunday oliy o‘quv yurtlari sifatsiz ta’lim beruvchi muassasalar sifatida tan olinishi va kelajakda ularning faoliyatini tugatish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkinligi ta’kidlab o‘tildi.

Jamoatchilik reaksiyasi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining sobiq deputati, hozirda esa tabiiy resurslar vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev yangi vazirni “avtokratiya yo‘lidan bordi”, deb hisoblamoqda. Uning fikricha, ko‘p sonli ishsiz bitiruvchilar uchun universitetlarni yopish g‘oyasi avtoritar tuzumga ega jamiyatda yangraydigan taklif hisoblanadi.

To‘g‘risi, men birorta ham normativ huquqiy hujjatda OTMlar bitiruvchilarni ishga joylashtirishga majburligi haqida qoidani ko‘rmaganman. OTM vazifasi sifatli ta’lim berish va agar tegishli ta’lim darajaga ega bo‘lsa, bitiruvchiga diplom tutqazish. Tamom vassalom! Qiziq: horijdagi nufuzli OTMlar masalan, Garvard, Oksford, Kembrij kabilarga ham shunday talablar qo‘yilganmikan? Ular qanaqa vazirlarning talablaridan kelib chiqib shunday natijalarga erishishgan? — deb yozadi Rasul Kusherbayev.

Ta’lim sohasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi Bektosh Xotamov oliy o‘quv yurtining tarjimonlik fakultetini tamomlayotganida undan uch tomonlama shartnoma so‘ralganini esladi. U keyin baliqchilik korxonasi bilan shartnoma imzolashga majbur bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday “avtoritar qoidalar” universitetlarning “mas'uliyat uchun” uch tomonlama shartnomalar so‘rashiga olib keladi.

“Bir-birimizni aldaymiz, vazir prezidentni aldaydi, biz vazirni aldaymiz, talabalar bizni aldashadi va hammamiz o‘zimni baxtiyor his qilamiz”, — dedi u. Tadbirkor ta’lim sifati talabalarning ish bilan ta’minlanishi bilan belgilanmagani, vazirning bu bayonotida esa qonuniy asos yo‘qligini ta’kidladi.

2021 yilning iyun oyida Oliy Majlis Senati qo‘mitasining so‘rovidan so‘ng Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilardan ish beruvchi bilan uch tomonlama shartnoma tuzishni talab qilishga haqli emasligini bildirgandi.

“Ta'lim to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, nodavlat ta’lim tashkilotlariga litsenziyalar berish va qayta rasmiylashtirish, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, shuningdek, litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida sudga ariza berish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Bugungi kunga kelib, inspeksiya tugatilib, uning vakolatlari boshqa ta’lim tashkilotlariga o‘tkazildi. Biroq qaysi ta’lim tashkilotiga uning vakolatlari o‘tkazilishidan qat’i nazar, nodavlat universitet faoliyatini tugatish sud tartibida amalga oshiriladi.

Vazirlik munosabati

Jamoatchilik muhokamalari fonida Oliy ta’lim vazirligi Rasul Kusherbayevning tanqidiga Garvard, Oksford va Kembrij universitetlaridan misollar bilan javob qaytardi.

Ha, aynan shu universitetlar bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash bo‘yicha eng ilg‘or va shuning uchun ham ularning nufuzi baland hisoblanadi. Masalan, Singapur ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratib, yuksak natijalarga erishayotgan davlatlardan biridir. Singapurda oliy ta’limga mudofaa tizimi darajasida e’tibor qaratilayotgani, ya’ni qat’iy tartib-intizom va nazorat o‘rnatilgani e’tiborga molik. Singapur ta’lim siyosati mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi bilan hamnafas bo‘lishi kerak degan tamoyilga amal qiladi. Ya’ni har bir universitet bitiruvchisi ish joyiga ega bo‘lishi kerak. QS [jahon universitetlari] reytingida dunyoda 11-o‘rinni, Osiyoda 1-o‘rinni egallagan Singapur Milliy universiteti rahbarlari o‘z bitiruvchilarining hech biri ishsiz emasligini ta’kidladi, — deyiladi vazirlik xabarida.

Universitet bitiruvchilarini ishga joylashtirishning iloji yo‘qligi ushbu oliy ta’lim muassasasining obro‘si, sha’ni va qadriyatlariga putur yetkazadi, deb ta’kidladi Oliy ta’lim vazirligi. Ta’lim dasturlari mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi. Har bir universitet o‘z navbatida ish o‘rinlari uchun kurashmoqda, bu esa ta’lim sohasida raqobat muhitini yaratadi, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.

“Shundan kelib chiqib, majlisda bildirilgan fikr OTM rahbariyatining talabalarni ishga joylashga, yoshlarning ma’lum bo‘sh ish o‘rinlariga tayyor kadr bo‘lib yetishishlariga yordam berishga qaratilgan. Bunda oliy ta’lim muassasasi rahbarlarining OTM bitiruvchilarini o‘zgaruvchan mehnat bozorida ish bilan ta’minlanishiga yanada mas’uliyat bilan qarashlari lozimligi nazarda tutilgan”, — deya qo‘shimcha qildi Oliy ta’lim vazirligi.

“Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘z tasarrufidagi oliy o‘quv yurtlari rahbarlariga ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berish va ta’lim sifati past bo‘lgan oliy o‘quv yurtlarini ogohlantirish vakolatiga ega”, — deyiladi xabarda.