Turkiyada sodir bo‘lgan dahshatli zilziladan so‘ng qidiruv-qutqaruv ishlari davomida ikki nafar o‘zbekistonlikning jasadi topildi, 8 nafar fuqaro mamlakatga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

11 fevral kuni zilzila oqibatida Hatay shahrida vafot etgan Andijon viloyatida tug‘ilgan 56 yoshli U. H. va Kahramanmarash shahrida vafot etgan Namangan viloyatida tug‘ilgan 40 yoshli N. M.ning jasadi O‘zbekistonga yuborildi.

10 fevral kuni 2 nafar fuqaro Adana shahridan, 11 fevral kuni bir oilaning 5 nafar a’zosi Malatya shahridan, yana bir fuqaro esa Gaziantep shahridan evakuatsiya qilindi. Ular Istanbul — Toshkent yo‘nalishida O‘zbekistonga qaytarilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 8 fevral kuni Xatay va Malatya shaharlarida vayronalar ostidan o‘zbekistonlik bir ayol va bir erkak qutqarib olingandi. Qahramonmarashdagi vayronalar ostidan esa bir nafar erkak topilib, kasalxonaga yotqizilgandi. Malatya shahrida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi zilzila oqibatida halok bo‘lgandi.

11 fevral soat 19:00 holatiga ko‘ra Turkiyada zilzila qurbonlari soni 21 848, jarohatlanganlar soni esa 80 104 kishiga yetdi.