Toshkentda «Olmazor suv ta’minoti» xodimi tuproq bosib qolishi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, 8 fevral kuni soat 18:30 larda «Olmazor suv ta’minoti»ga «Universitet» mahallasining Chimboy 2-tor ko‘chasida 600 mm.lik quvur yorilgani haqida xabar kelib tushgan. Nosozlikni bartaraf etish jarayonida «Olmazor suv ta’minoti» xodimlaridan biri — Shayxontoxur tumani Jarariq mahallasi yashagan chilangar, 39 yoshli K. N. tuproq bosib qolishi oqibatida vafot etgan.

Mazkur holat bo‘yicha tergov-tezkor guruhi a’zolari voqea joyini ko‘zdan kechirishgan. Shuningdek, navbatchi tergovchi O. Kamalov tomonidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.