Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 6 fevral kuni energiya ta’minoti sohasida nazorat tizimini tartibga solish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

«Yig‘ilishda energiya yetkazib berish va hisob-kitob tizimidagi muammolar tanqidiy tahlil qilindi. Yanvar oyidagi sovuq bu borada boshqaruv va nazorat susayib ketganini yaqqol ko‘rsatdi. Mutasaddi tashkilotlar avtomatik hisoblash tizimi elektr energiyasida 92 foiz, tabiiy gaz bo‘yicha 98 foiz o‘rnatilgan, deb hisobot bergan. Lekin haligacha debitor qarzdorlik yuqoriligicha qolmoqda», — deyiladi xabarda.

Tumanlardagi tarmoq idoralari elektr va gazga ulanishga hisob-kitob va tahlillarsiz ruxsat berayapti. Masalan, Toshkent shahrining 120 ta mahallasida transformatorlar yuklamani ko‘tarmagani uchun bir oyning o‘zida 5−6 martalab ta’mirlangan.

Hanuzgacha tizimda o‘g‘irlik juda katta. Resurslar xo‘jasizlarcha talon-toroj qilinayapti. Birgina dekabr oyida elektr va gazdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 12 mingdan ziyod holatda 600 mlrd so‘mlik zarar aniqlangan. Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari ustidan nazorat butunlay izdan chiqqan.

»gaz

O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matulla Yuldashev.

Shulardan kelib chiqib, energetika sohasida nazoratni kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim belgilandi. Bu tizimga energetika nazorati bo‘yicha ikki yil «favqulodda tartibda» ishlash vazifasi qo‘yildi. Energoinspeksiya va Majburiy ijro byurosining ishini takomillashtirish, elektr va tabiiy gazga ulanishda yangicha yondashuvlarni joriy qilish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda energetika infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Xususan, Toshkent shahrining raqamli xaritasini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi. Bunda auksionga chiqarilayotgan yerlarning joylashuvi, energetika, kommunal va ijtimoiy infratuzilma quvvati aniq ko‘rinib turadi.