Seshanba kuni ertalab Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining zalida kamida 50 kishi — Nukus voqealarida ayblanayotganlarning yaqinlari, parlament komissiyasi a’zolari va jurnalistlar yig‘ildi.

Soat 10:00 ga belgilangan hukm e’lon qilinishiga 15 daqiqa qolganida sudlanuvchilar maxsus oynavand saqlov joyiga keltirildi. Ular bir-birlari bilan salomlashib, olti qator yog‘och o‘rindiqlarga o‘tirishdi.

Ayni shu vaqt zal jonlandi: qarindoshlar — ularning aksariyati ayollar — o‘rinlaridan turdi, sudlanuvchilarning qarindoshlari ko‘zlari bilan salomlashish uchun yaqinlarini qidira ketdi, kimdir yig‘lay boshladi, fotoapparatlarning shiqillagan ovozi eshitildi.

nukus voqealari, qoraqalpog‘iston, sud

Ushbu shov-shuvli ish bo‘yicha asosiy ayblanuvchilar qatoriga so‘nggi bo‘lib Dauletmurat Tajimuratov va Lolagul Kallixanova kirdi. Prokuror suddan ularga mos ravishda 18 va 11 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini berishni so‘ragandi. Zalda o‘tirgan singlisi bilan bir-ikki ibora almashgandan so‘ng, Kallixanova maxsus oynavand xonaning eng burchagiga o‘tirdi.

Tajimuratov qora vodolazka va shim kiygandi; u o‘zini tetik tutib, sud ishi boshida uni bu ishga undaganlikda ayblagan boshqa sudlanuvchilardan ajralib turdi. Oynavand xonaning ikki tomonida xodimlar joy oldi.

* * *

Soat 10:00 ga yaqin sudya Yelubay Abibullayev zalga kirdi va darhol hukmlarni o‘qishga kirishdi. Ayblanuvchilar uni boshlarini egib, qo‘llarini bir-biriga bog‘lab tinglashdi. Tajimuratov asabiylasha boshladi — tasbehini changallab, u yoqdan-bu yoqqa bezovtalanib chayqaldi.

Majlisdan bir kun oldin parlament komissiyasi kutilmaganda suddan “insonparvarlik tamoyili asosida” hukm chiqarishni so‘radi. “Gazeta.uz” manbalari kutilmagan sud hukmlariga ham ishora qildi. Bu ayblanuvchilarning bir qismiga nisbatan oqlov hukmi kutilayotgani haqida o‘ylashga asos bo‘ldi.

Ish bo‘yicha to‘rt nafar ayblanuvchi — Azamat Nuratdinov, Axmet Smetullayev, Azamat Turdanov va Lolagul Kallixanova o‘sha kuni oynavand xonani tark etdi. Dastlabki uch nafarining har biri besh yilga ozodlikdan cheklandi, Kallixanova sakkiz yillik shartli ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi (“Gazeta.uz” har bir mahkumning jazosi haqida batafsil ma’lumotni taqdim etgan).

nukus voqealari, qoraqalpog‘iston, sud

Sudya Nuratdinovning hibsdan ozod etilganini e’lon qilgach, orqa qatorlardan chuqur yengil nafas eshitildi. U zalga chiqib, his-tuyg‘ularini tiya olmadi va yig‘lab yubordi. Parlament komissiyasi a’zolaridan biri tinchlanish uchun unga bir stakan suv taklif qildi. Keyingi o‘n daqiqada Smetullayev va Turdanov Nuratdinovga qo‘shildi.

Kallixanovaga berilgan shartli jazoni zal olqishlar bilan kutib oldi. Tajimuratov hukmni ma’qullagancha oynavand xonadan chiqib ketayotgan Lolagulning yelkasiga qoqib qo‘ydi. Sud yakunlangach, Kallixanova o‘z intervyusida koloniyaga jo‘natilishini kutganini tan oldi va uning xatolari “boshqa jurnalistlarga o‘rnak bo‘lishi kerakligini” aytdi.

* * *

Tajimuratovning hukmi oxirgi bo‘lib e’lon qilindi. Sudya ayblov hukmini o‘qib chiqqach, Tajimuratov jazodan hayron emasligini ko‘rsatib, bosh irg‘adi va g‘alaba ishorasida qo‘lini musht qilib ko‘taradi. Uni sud zalidan olib chiqib ketishayotgan vaqt: “Meni zonadan chiqarishmaydi, DXX [baribir] o‘yinlarni boshlaydi”, deb baqirdi va yana bir bor mushti bilan ishora qildi.

nukus voqealari, qoraqalpog‘iston, sud

Tajimuratovning himoyachisi sifatida qatnashgan ukasi Rinat Tajimuratov sud qaroriga qo‘shilmadi va uni adolatsiz deb atadi. “Hamma biladi, hatto yuridik bilimsizlar ham [Dauletmuratning aybini] isbotlay olmaganlarini bilishadi. Bugun ozodlikka chiqadi deb o‘ylagandim. Biz bu tizimni yaxshilashimiz, isloh qilishimiz kerak, bilaks bularning barchasi sud emas, balki sirk”, — dedi u. Rinat Tajimuratov “Gazeta.uz” bilan suhbatda apellyatsiya berilishini tasdiqladi.

Hukmni o‘qish bir soatdan sal ko‘proq vaqtni oldi va sudya zalni tark etishi bilan mahkumlarning qarindoshlari baland ovozlar bilan ular bilan gaplashish uchun ichki ishlar xodimlardan o‘tishga harakat qilishdi. Arislan Temirxanovning rafiqasi oynavand xonaga kafti bilan bir soniya teginishga muvaffaq bo‘ldi, narigi tarafdagi eri esa barmog‘ini labiga qo‘yib, yig‘lamasligini so‘radi, shundan so‘ng xodimlar ayolni chetga olishdi.

“Biz [hukmga] rozi emasmiz, rozi emasmiz. Ular tuhmat bilan qamoqqa olindi”, — dedi yaqinlaridan biri ko‘z yoshlari bilan jurnalistlarga.

nukus voqealari, qoraqalpog‘iston, sud

Sakkiz yilga koloniyaga hukm qilingan Razbek Bekmuratovning onasi yo‘lakda ahvoli yomonlashib, hushini yo‘qotdi. Milliy gvardiya xodimlari unga tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun atrofdagilardan tarqalishni so‘radi.

Odamlar birinchi qavatdagi zalda yig‘ilishdi. Bir nechta qarindoshlar yonma-yon o‘tirib, bir-birlarini qo‘llarini ushlab tinchlantirishdi.

nukus voqealari, qoraqalpog‘iston, sud

Izoh so‘ralganda, ulardan biri bu ularga qanday yordam berishini so‘radi va uning yonida o‘tirgan ayol OAV bu qanday sodir bo‘lganini yozishini aytganda, u: “Men bunga ishonmayman”, deb javob berdi.

Anonimlik sharti bilan, mahkumlardan birining qarindoshi izoh berishga rozi bo‘ldi. Gapni boshlash uchun unga bir necha soniya kerak bo‘ldi — uning yuzidan ishonchsizlik va qo‘rquvni anglab olish mumkin edi.

“Hozir biz uchun juda qiyin”, — dedi u. “Sud adolatli bo‘lmadi. Chunki hammaga bir xil — 244-modda (aniqrog‘i, 244-moddaning 3-qismi — tahr.) bo‘yicha ayblov qo‘yilgan, biroq ular hammaga bir xil qamoq jazosini berishmadi. Ba’zilariga 7 yil, ba’zilariga 3 [yil] berildi, ba’zilari hatto sud zalida ozod qilindi. Biz bunga rozi emasmiz. Biz Oliy sudga boramiz. Iltimos, bu masalani Oliy sud hal qilsin”.

“Yagona ukam”, — deb yig‘lab yubordi u diktofonni o‘chirishimiz bilanoq. “(Oilada) yetti qizmiz va u oxirgi (farzand). Bu adolatdan emas”.