O‘zbekiston o‘zining qonuniy majburiyatlarini bajarishi va mahkum Dauletmurat Tajimuratovning hibsxonadagi qiynoqlar bo‘yicha sud jarayonida bildirgan da’volarini tekshirishi kerak. Bu haqda Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkilotining bayonotida qayd etildi.

2022 yil 1−2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha asosiy ayblanuvchi Tajimuratov 2 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan sud jarayonidagi so‘roq davomida Nukus shahridagi IIV binosida qiynoqqa solingani, jumladan uning ustida sakrashgani va tepishganini ta’kidlagandi. Muzokaralar davomida esa qo‘lini «go‘sht maydalagichdan o‘tkazishgani»ni (u buni barmoqlar orasiga kalit qo‘yilib, aylantiriladigan qiynoq usuli deya tushuntirgandi — tahr.) yana bir bor ta’kidladi. Suddan so‘ng uning ukasi Rinat Tajimuratov ham «go‘sht maydalagich» haqida, qolaversa, Dauletmurat Tajimuratov va boshqa hibsga olinganlar qiynoqqa solinganini ma’lum qildi.

«Qoraqalpog‘iston ishi bo‘yicha ayblov hukmlari siyosiy ahamiyatga ega bo‘lsa-da, halok bo‘lgan 21 kishi va og‘ir tan jarohati olgan ko‘plab odamlar uchun hech nima bermaydi», — dedi tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha katta tadqiqotchisi Mira Ritman.

«O‘zbekiston hukumati iyul oyidagi noroziliklarga javoban huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qurol-yarog‘dan asossiz foydalanilgani uchun haligacha hech kimni javobgarlikka tortmadi», — deya ta’kidladi u.

Human Rights Watch tashkiloti avvalroq o‘z hisobotini e’lon qilgandi, unda O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari 1 va 2 iyul kunlari namoyishchilarni tarqatish uchun asossiz ravishda kuch ishlatganini bildirib, Nukus voqealarida bo‘lgani kabi o‘lim va og‘ir jarohatlarning oldini olish maqsadida olomonni nazorat qilish uchun shovqin va tutun chiqaruvchi granatalar qo‘llanish tartibini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishga va ularni IIO xodimlari jihozlari qatoridan chetlashtirishga chaqirgan.

«Xavfsizlik kuchlari o‘q otish qurollari va ehtiyotsizlik bilan qo‘llanilganda, jiddiy jarohat yoki o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan turli granatalardan noto‘g‘ri foydalangan», — deyiladi bayonotda.

«Namoyishlar O‘zbekiston Konstitutsiyasidan qoraqalpoqlarning mustaqillik uchun referendumda ovoz berish huquqini va mintaqaning suveren maqomini olib tashlaydigan o‘zgartirishlarga qarshi o‘tkazilgandi. Taklif etilgan tuzatishlar keyinroq qaytarib olindi. 31 yanvar kuni hukm qilingan sudlanuvchilarning hammasi, birgina sobiq ichki ishlar xodimidan tashqari, tinch fuqarolar edi», — deya ta’kidladi HRW.

«Namoyishlardan keyin boshdanoq 500 dan ortiq odam hibsga olingandi. Bir necha oy davomida Bosh prokuratura hibsda qolayotganlarning umumiy soni to‘g‘risida so‘nggi rasmiy ma’lumot bermadi», — deya eslatadi tashkilot.

Dekabr oyi o‘rtalarida Bosh prokuraturaning Qoraqalpog‘istondagi iyul voqealarini o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan Mustaqil parlament komissiyasining murojaatiga javoban taqdim etgan axborotida 1−2 iyul kunlari yuz bergan voqealar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha jami 171 kishi ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingani haqida ma’lumot berilgan. Shuningdek, yana 39 kishiga daxldor ikkinchi jinoyat ishi bo‘yicha tergov yakunlanayotganini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, Bosh prokuratura huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Nukus shahrida namoyishchilarga nisbatan qurol va maxsus vositalar qo‘llangani, shuningdek, ikki fuqaroning o‘limi holatlari bo‘yicha alohida jinoiy ishlar qo‘zg‘atilganini bildirgan. «Gazeta.uz» mazkur ishning borishi yuzasidan tashkilotga so‘rov yuborgan va javob kutilmoqda.

Prokuratura 43 yoshli advokat va jurnalist Tajimuratovni Qoraqalpog‘istonda «ommaviy tartibsizliklar» uyushtirganlikda va boshqa sudlanuvchilar, jumladan, jurnalist va Makan.uz sayti asoschisi 33 yoshli Lolagul Kallixanova bilan til biriktirib, hokimiyatni egallab olishga urinishda ayblagan.

Sudda Tajimuratovning 16 yilga qamalgani e’lon qilindi. Lolagul Kallixanova esa 3 yil muddatga shartli ravishda ozod qilindi. Sudya ularning ikkalasini ham «Tartibsizliklar uyushtirish, konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish maqsadida til biriktirish va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan materiallarni tarqatish»da aybdor deb topgandi. Sud hukmni e’lon qilar ekan, Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan qo‘yilgan ayblov bo‘yicha barcha sudlanuvchilarni oqladi.

Tajimuratov, shuningdek, gazeta obunasi bilan bog‘liq «o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish»da ham aybdor deb topilgan. U yetkazilgan zararni qoplash uchun 228,8 million so‘m (20,2 ming dollar) to‘lashi kerak.

«Tajimuratovga qo‘yilgan „konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga urinish“ ayblovi 2016 yilda vafot etgan prezident Islom Karimov davrini eslatadi. O‘sha vaqtlarda huquq himoyachilari va boshqalar siyosiy motivatsiyalangan sud jarayonlari davomida uzoq muddatga qamoq jazosiga hukm qilinardi», — deya qayd etdi Human Rights Watch.

Dauletmurat Tajimuratov sudda barcha ayblovlarni rad etib, o‘zining aybsizligini ta’kidlagan. Lolagul Kallixanova va yana 20 nafar sudlanuvchi o‘z aybiga to‘liq yoki qisman iqror bo‘lib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan. Ularga apellyatsiya berish uchun 20 kun vaqt berilgan.

Namoyishlarga aylanib ketib, oxiri qurbonlar bilan yakunlangan iyul voqealari arafasida Tajimuratov va Kallixanovalar konstitutsiyaga taklif qilinayotgan o‘zgartirishlarga bir necha bor qarshi chiqqan, Tajimuratov esa 5 iyul kuni tinch namoyish o‘tkazish rejasini e’lon qilgan, deya ta’kidladi tashkilot.

HRW Tajimuratov va Kallixanovaning chiqishlarini «xalqaro qonunchilikda asosli ravishda jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan nutqlar» sifatida baholamasligini qayd etdi.

«Siyosiy fikr bildirish va tinch namoyishlarga chaqirish so‘z erkinligidan dalolatdir», — deyiladi tashkilot bayonotida.

«O‘zbekiston 2022 yil iyulida sodir bo‘lgan voqealarni varaqlab ko‘rmoqchi, ammo sudlanuvchilarga chiqarilgan hukm 21 kishi qanday halok bo‘lgani va nega og‘ir jarohatlar olgani haqidagi asosiy savollarga javob berolmaydi. Hukumat asossiz o‘ldirish holatlari va haddan tashqari kuch ishlatishda aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish uchun vaqtni qo‘ldan boy bermasligi kerak», — deydi Mira Ritman.