Statistika agentligi tomonidan taqdim qilingan O‘zbekistonning 2022 yildagi asosiy demografik ko‘rsatkichlarida qayd etilishicha, 2022 yilning yanvar-dekabr oylarida doimiy yashash maqsadida 8,8 ming kishi xorijga ko‘chib ketgan.

Tahlillarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich so‘nggi 5 yilda sezilarli kamaygan. Misol uchun, 2018 yilda 17,6 ming, 2019 yilda 13,2 ming, 2020 yilda 13,6 ming, 2021 yilda 20,1 ming kishi xorijga ketgan.

2022 yilda ko‘chib ketganlarning 4,1 ming nafari erkaklar, 4,7 mingi ayollardir.

“O‘zbekistondan xorijiy mamlakatlarga ko‘chib ketganlarning asosiy qismi Qozog‘iston (79,5 foiz), Rossiya (16,4 foiz), Qirg‘iziston (0,7 foiz), Tojikiston (0,5 foiz), Turkmaniston (0,3 foiz) va boshqa mamlakatlar (2,6 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan”, — deyiladi agentlik axborotida.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yilda xorijdan O‘zbekistonga 2,3 ming kishi ko‘chib kelgan bo‘lib, bu oxirgi 5 yilga nisbatan sezilarli kamaygan. Misol uchun, 2018 yilda 2,9 ming, 2019 yilda 2,5 ming, 2020 yilda 1,1, 2021 yilda 1,9 ming kishi O‘zbekistonga doimiy yashash uchun kelgan.

“2022 yil yanvar-dekabr oylarida xorijdan ko‘chib kelganlar soni 2,3 ming kishi bo‘lsa, shundan erkaklar 1,1 ming kishini, ayollar 1,2 mingtani tashkil etdi”, — deyiladi agentlik hisobotida.

O‘zbekistonga xorijiy mamlakatlardan ko‘chib kelganlarning asosiy qismi Rossiya (jami xorijdan ko‘chib kelganlarning 35 foizi), Qozog‘iston (32,8 foiz), Tojikiston (6,7 foiz), Qirg‘iziston (4,8 foiz), Turkmaniston (1,6 foiz) va boshqa mamlakatlar (19,1 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan.