Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi deputat Abdumavlon Qosimovning muddatidan oldin iste’foga chiqishini ma’qulladi. Mazkur qaror kengashning juma kuni bo‘lib o‘tgan 77-sessiyasida qabul qilindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga ikki mustaqil manba, jumladan, yig‘ilishda qatnashgan kengash a’zosi ma’lum qildi.

Keltirilishicha, deputatning o‘zi iste’foga chiqish uchun ariza bergan. Abdumavlon Qosimov 2020 yilning yanvar oyida «Adolat» partiyasidan 45-Qoratosh okrugi bo‘yicha kengash deputati etib saylangandi. Vakolat muddati 2025 yilning yanvarida tugashi kerak edi.

U kengash kotibiyati mudiri lavozimida ham ishlagan, ushbu organ faoliyati uchun tashkiliy, texnik va boshqa xizmatlar bilan shug‘ullangan.

«Gazeta.uz» ma’lumotlariga ko‘ra, Abdumavlon Qosimov ijtimoiy tarmoqlar va kengash sayti ishini ham nazorat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 17 yanvar kuni kengashning Telegram kanalida bir kun avval O‘zbekiston prezidenti tomonidan aholini elektr va gaz bilan ta’minlashdagi inqiroz tufayli ishdan bo‘shatilgan kengash raisi va poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga minnatdorlik bildirilgan post paydo bo‘lgandi.

Keyinroq xabar o‘chirib tashlangan va kengash raisi o‘rinbosari Toshpo‘lat Matiboyev hokimiyat vakillik organi sobiq hokimga murojaat e’lon qilmagani va bu murojaatni qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qilgan.

абдумавлон қосимов, жаҳонгир ортиқхўжаев, тошкент shahar

Shundan so‘ng kanaldagi barcha xabarlar o‘chirilgandi. Bundan tashqari, Instagram va Facebook`dagi sahifalar ham o‘chirib yuborilgan, 27 yanvar kuni sayt ham ochilmay qolgan.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Abdumavlon Qosimov «The First Glass» (to‘qimachilik va mo‘ynali mahsulotlarni yuvish va kimyoviy tozalash), «Saray Business» (to‘qimachilik, mo‘ynali mahsulotlarni yuvish va kimyoviy tozalash), «Saray-Plastic» (plastmassa plitalar, quvurlar va profillar, lentalar ishlab chiqarish) hamda «Saray Xalta» (kiyim-kechakdan tashqari tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish) asoschisi bo‘lgan. Aytib o‘tish kerakki, qonunchilikda shahar kengashi deputatlarining ixtiyoriy asosda ishlayotgani va maosh olmasliklari sababli tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlanmagan.

Avval xabar berganimizdek, kengash o‘sha sessiyada poytaxtning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning deputatlik vakolatlarini muddatidan avval tugatish to‘g‘risidagi qarorni ma’qullagandi.