2022-yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 2,1 barobarga oshib, rekord darajadagi 16,9 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda 26-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi, deya xabar beradi “Gazeta.uz” muxbiri.

pul o‘tkazmalari

Manba: Markaziy bank.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tkazmalarning 85 foizi yoki qariyb 14,5 mlrd dollari Rossiyaga to‘g‘ri keladi, bu 2021-yilga nisbatan 2,6 barobar ko‘pdir.

“Biz o‘zimizning monetar ko‘rsatkichlarimizning monitor qarashlarimizda bu 17 mlrd [dollar]ning hammasini o‘zimizda ichki yalpi talabni shakllantirishga xizmat qiladi, deya olmaymiz. Biz 11,5−12 mlrd [dollar] atrofidagi ushbu pul o‘tkazmalarini bizda yalpi talabning shakllanishida ta’sir ko‘rsatuvchi omil sifatida olamiz”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu farq Qirg‘iziston va Tojikistonda 2022-yil davomida ma’lum miqdorda naqd valyuta taqchilligi yuzaga kelgani, shu sababli banklarda ayrim cheklovlar joriy etilgani bilan bog‘liq. Bunday sharoitda mazkur davlat fuqarolari O‘zbekistonga valyuta o‘tkazib, O‘zbekiston banklari orqali naqd pul olib chiqishgan.

“Endi buni raqamlar bilan ifodalash ma’lum bir jihatdan bizga mushkul. Chunki bizda pul o‘tkazmalarini tarqatayotganda qaysi davlat fuqarosisan, deb fuqaroligi so‘ralmaydi. O‘sha yuborilgan kod bo‘yicha… Lekin biz bu narsani doimo kuzatib boryapmiz. Qaysi ma’noda. Qo‘shni davlatlarga chegaraoldi hududlarga o‘tayotgan, kirib kelayotgan fuqarolar sonini o‘zgarishiga qarab”, — deya tushuntirdi u.

pul o‘tkazmalari

Aholidan valyuta sotib olish, jismoniy shaxslarga valyuta sotish, shuningdek, ko‘rsatkichlar orasidagi farq. Manba: Markaziy bank.

Pul o‘tkazmalari oqimining ortishi fonida valyuta operatsiyalari ko‘rsatkichlari ham oshdi. Yanvar-dekabr oylarida banklar tomonidan aholidan 11,9 mlrd dollarlik valyuta xarid qilindi, bu 2021-yilga nisbatan 4,8 mlrd dollar yoki 1,7 barobar ko‘pdir. Shu bilan birga, jismoniy shaxslar 8,9 mlrd dollarlik valyuta sotib oldi, bu o‘tgan yilga nisbatan 4,3 mlrd dollar yoki deyarli ikki barobar ko‘pdir.

Umuman olganda, taklif hajmi talabdan 2,9 mlrd dollarga oshdi (2,5 mlrd dollarni tashkil etgan).

O‘zbekistondan boshqa davlatlarga o‘tkazilgan pul o‘tkazmalari hajmi 29 foizga oshib, 2,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Markaziy bank rahbarining so‘zlariga ko‘ra, qabul qiluvchi mamlakatlar tarkibida “hech qanday fundamental o‘zgarishlar” yo‘q.

“Asosan, bular Turkiya, Xitoy, ya’ni „chelnochniy savdo“ atamasi bog‘langan davlatlardir. AQShga pul o‘tkazmalari ko‘paydi. Fuqarolari davolanish uchun boradigan Hindiston ham bor”, — dedi u.

Iyul oyida Mamarizo Nurmuratov O‘zbekistonga pul jo‘natmalarining keskin oshganini bir qancha sabablar bilan izohlagan edi. Ular orasida pul jo‘natish bo‘yicha ilgari qayd etilmagan kanallarni qonuniylashtirish hamda “lo‘li pochtasi”ning cheklanishi, naqd puldagi eksport tushumining o‘sishi va boshqalar bor.