Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qon shahrida xizmat uchun biriktirilgan avtomobil piyodalar yo‘lagini to‘sib qo‘ygani aytilgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

20 yanvar kuni viloyat YHXB 2-mintaqaviy hudud Yo‘l-patrul xizmati otryadi komandir o‘rinbosari mayor Sh. M. davlat raqami 40 171 VSF bo‘lgan Tracker xizmat avtomashinasini A.Navoiy ko‘chasida yo‘l harakati qoidalarining 91-bandini buzib, piyodalar o‘tish joyida qoldirgan.

Mazkur holat yuzasidan mayor Sh. M.ga nisbatan shu kunning o‘zida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi prim 6-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida (600.000 ming so‘m) jarimaga tortildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mingbuloq tumani hokimining haydovchisi boshqaruv vaqtida qo‘l telefonidan foydalangani uchun bayonnoma rasmiylashtirilib, 900 ming so‘m jarima to‘lagandi.