Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan Rossiya-Ukraina mojarosining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri o‘rganildi. Bu haqda institut axborot xizmati xabar qildi.

Rossiya-Ukraina qarama-qarshiligi oqibatlari O‘zbekiston iqtisodiyotiga asosan inflyatsiya, tashqi savdo, uy xo‘jaliklarining birlamchi va ikkilamchi daromadlari, ko‘chmas mulk va foiz kanallari orqali ta’siri tahlil qilindi.

Tahlilda 2022 yilning 10 oyi uchun statistik ma’lumotlardan foydalanildi. Bunda iqtisodiy diagnostika va iqtisodiy modellashtirishning DSGE usullari qo‘llanildi. Shoklar 2022 yil mart oyidan boshlab keyingi 18 oy uchun 3 xil ssenariyda (xom-ashyo narxi oshishi, pul o‘tkazmalarining kamayishi, mehnat bozori qisqarishi) simulyatsiya qilindi.

Tahlil natijalariga ko‘ra dunyoda inflyatsiyaga eng katta bosim asosan oziq-ovqat va energiya narxlarining keskin ko‘tarilishi hisobiga sodir bo‘layotgan bo‘lsa, O‘zbekistonda aksariyat energiya narxlari davlat nazoratida bo‘lgani sababli inflyatsiyaning tezlashishiga asosan oziq-ovqat va xizmatlar narxlarining o‘sishi sabab bo‘lmoqda.

2022 yil fevral oyida yillik oziq-ovqat narxlari o‘sishi 13,1 foizgacha sekinlashgan bo‘lsa, oktabr oyiga kelib 16,3 foizgacha ko‘tarildi. Mazkur davrda mehmonxona va restoran xizmatlari narxlari yillik o‘sishi 14,7 foizdan 23,3 foizgacha tezlashdi.

2022 yil mart-oktabr oylarida O‘zbekistonning Rossiyaga eksporti hajmi 2021 yilning mos davriga nisbatan 47 foizga oshdi. Shunday bo‘lsada, global bozorlarda tovar va xom-ashyo narxlarining sezilarli ko‘tarilishi nominal eksport hajmining ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda. Misol uchun, mart-oktabr oylarida Rossiyaga paxta ip-kalavasi eksporti 41 foizga ortgan. Lekin, ushbu davrda paxta tolasi narxlari o‘zgarishini hisobga olinganda, real o‘sish 8 foizni tashkil qiladi. Ta’kidlanishicha, 2022 yilda so‘mning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursning barqarorlashuvi ma’lum darajada tashqi shoklarning salbiy ta’sirini yumshatdi.

пмти, россия - украина, ўзбекистон iqtisodiyoti

Foto: Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 9 oyi mobaynida O‘zbekistonga rossiyalik 318 ming nafardan ortiq fuqaro kelgan. PMTI ekspertlari tomonidan 750 ta relokantlar rezyumesini o‘rganish natijalariga ko‘ra kelayotgan mutaxassislarning o‘rtacha yoshi 32 yoshni tashkil etadi. Ish qidirayotganlarning 93 foizdan ortig‘i oliy ma’lumotli va o‘rtacha 8 yillik ish stajiga ega.

O‘zbekistonga asosan muhandislar (barcha rezyumelarning 18 foizi), IT mutaxassislari (15 foiz), menejerlar, marketologlar, boshqaruv mutaxassislari va ma’muriy xodimlar (30 foiz), o‘qituvchilar (7 foiz), shifokorlar va farmatsevtlar (6 foiz), shuningdek, moliyachilar (4 foiz) tashrif buyurmoqda.

Pul o‘tkazmalari tarkibida Rossiyaning ulushi oshib ketishi kuzatildi; 2022 yil mart oyida Rossiyadan pul o‘tkazmalarining O‘zbekistonga jami pul o‘tkazmalaridagi ulushi 50 foizgacha tushib ketgan bo‘lsa, may oyiga kelib ushbu ko‘rsatkich 85 foizga yetdi (2021 yilda 70 foiz, 2020 yilda 72 foizni tashkil etgan edi);

Noyabr oyida Toshkent shahrida 1 kv. metr uchun xonadon narxlari o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 27 foizga oshgan, ya’ni ushbu ko‘rsatkich 2021 yil noyabrda $849 bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yil noyabrda $1078 ga yetdi. Uy-joy narxlarining jiddiy oshishi boshqa davlatlarda ham kuzatildi. Global House Price Index ma’lumotlariga ko‘ra, yuqori inflyatsiya va ipoteka foiz stavkalarining ko‘tarilishi aholining uy-joy sotib olish imkoniyatlarini cheklagan bo‘lishiga qaramay, 2022 yil birinchi choragida dunyoning 56 mamlakatida uy-joy narxlari o‘rtacha 10,2 foizga oshgan.

Narxlarning o‘sishi global o‘zgarishlar natijasida pul oqimlarining ko‘chmas mulk bozoriga yo‘naltirilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Inflyatsiya darajasining tezlashishi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini yashash xarajatlari oshishidan himoyalash uchun davlat xarajatlarining oshishiga sabab bo‘ldi, masalan 2022 yilning 9 oyida ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari 14.5 trillion so‘mga yetib, 2021 yilning mos davriga nisbatan 1.9 barobarga oshdi.

DSGE modeli симуляция natijalariga ko‘ra jahon bozorida xom-ashyo narxlarining 1 foizga ko‘tarilishi:

  • O‘zbekiston iqtisodiyoti real o‘sishi 2023 yilda potensialidan ko‘ra 2 foiz bandga sekinlashishiga olib kelishi mumkin;
  • Inflyatsiya darajasining qo‘shimcha 0,4 foiz bandga oshishiga, shu jumladan import inflyatsiyasi — 0,3 foiz bandga o‘sishiga sabab bo‘ladi. Zarba ta’siri keyingi 4 chorak davomida seziladi.
  • oraliq iste’mol tovarlari narxlarining oshishi natijasida mahalliy ishlab chiqarishning qisqarishi sababli eksport 1 foiz band va import 0,4 foiz bandga kamayadi. Bu esa bandlik darajasining 1 foizgacha qisqarishiga olib kelishi mumkin.