Adliya vazirligi tomonidan «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi 11 yanvar kuni muhokamalar portaliga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, «ta’qib etish» (stalking) tushunchasiga ta’rif berilib, ta’qib etganlik uchun ham «himoya orderi» berilishi mumkinligi belgilanmoqda (jabrlanuvchida qo‘rquv yoki ruhiy tushkunlikni keltirib chiqaruvchi, uni xohish-irodasiga qarshi qidirish, og‘zaki, aloqa vositalari yoki boshqa usullar orqali aloqaga kirishish, ish, o‘qish va yashash joyiga borish bilan ifodalanadigan bir martadan ko‘p sodir etiladigan harakat).

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order sud tomonidan 1 yil muddatgacha berilishi belgilanmoqda. Amalda order ichki ishlar idoralari tomonidan 30 kunga beriladi.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida ilgari «himoya orderi» berilgan xotin-qizlarning 12 nafari takroran zo‘ravonlikka uchragan.

«Himoya orderi» bilan belgilanadigan qo‘shimcha cheklovlar turlari (jabrlanuvchi yashaydigan turar joy maydoni yoki uning bir qismidan foydalanish, jabrlanuvchining ish joyi yoki boshqa joylarga yaqinlashishni muayyan vaqtga cheklash, muayyan joylarda bo‘lmaslik, narkologik kasallikdan davolanish) kiritilmoqda.

O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari masalasiga prezident ham e’tibor qaratgan bo‘lib, «Xotin-qizlarimizga, aziz ayollarimizga nisbatan ayrim zo‘ravonliklarni umuman qabul qilib bo‘lmaydi. Bu bizning millatga xos bo‘lmagan chidab bo‘lmas illat», — degan Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019 yilda zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar uchun «himoya orderi» instituti joriy etilgan. Ekspertlar uning afzalliklarini e’tirof etsa-da, amalda u haqiqiy himoyachiga aylanolmaganini ta’kidlamoqda. Sabablari ko‘p, ulardan biri — zo‘ravonga nisbatan jazoning yengilligidir, deydi ular.

«Gazeta.uz» 25 noyabr — «Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni» munosabati bilan «himoya orderi» haqida qo‘llanma material e’lon qilgan. Unda orderni qayerdan va qanday olish, jabrlanuvchi qay tartibda himoya qilinishi va zo‘ravonga ko‘riladigan choralar haqida bilib olish mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, prezident qarori bilan Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi tugatilgan. Uning o‘rniga Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazlari tashkil etilgan. Bundan tashqari, ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam berish uchun 24 soat uzluksiz ishlovchi «ishonch telefoni» raqami yo‘lga qo‘yilgan.