10 yanvardan buyon O‘zbekistonning turli hududlari hokimliklari anomal sovuq tushishi sabab 17 yanvarga qadar uzaytirilishi aytilgan qishki ta’til tugagani va ta’lim muassasalarida o‘qish 11 yanvardan boshlanishi haqida bayonot berib kelmoqda. Masalan, Toshkent shahar rasmiylari bu haqda 10 yanvar tugashiga 2 soat qolganida, oddiy qilib aytganda, yarim tunda ma’lum qildi. Ammo bu yo‘nalishdagi mantiqsizlik bo‘yicha ularni-da ortda qoldirguvchilar topilmoqda: Toshkent viloyati hokimligi 11 yanvardan o‘qish boshlangani haqida 11 yanvar kuni soat 10:00 da axborot berdi.

Rasmiylarning bu kabi beqarorligi seshanba kuniyoq aholining noroziligi ham hayratiga sabab bo‘lgandi. Maktablar qayta ochilishi haqida yarim tunda chiqqan xabarlar o‘sha vaqtning o‘zidayoq internet foydalanuvchilarining diqqat markazida turdi. Hatto vaziyatga turli she’r va tez aytishlar bilan munosabat bildirganlar ham bo‘ldi. «Gazeta.uz» tarmoqlarda tarqalgan ana shunday fikrlarni bir yerga jamladi.

Hammasi qanday boshlandi?

Dastavval, 10 yanvarda kun davomida bir qator viloyatlar o‘z hududidagi maktablarda o‘qish 11 yanvarda boshlanishi haqida axborot berib chiqdi (jamoatchilikning norozi munozaralari aynan shundan keyin boshlangan edi). Kech soat 20:15 da (ya’ni, kun tugashiga 4 soatdan kamroq vaqt qolganida) esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qishki ta’til muddatini uzaytirish yoki uzaytirmaslik vakolati hududdagi ob-havo sharoitlarini inobatga olgan holda mahalliy hokimliklarga berilganini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng yarim tunda birin-ketin Toshkent rasmiylari, shuningdek, boshqa hududlarning ma’muriyatlari ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifalarida maktablarda o‘quvchilar uchun darslar 11 yanvardan bolanishi haqida xabarlar bera boshladi.

Bunga jamoatchilik nima deydi?

Sobiq deputat Rasul Kusherbayev buni «qat’iyatsiz va oqibati chuqur o‘ylanmay qilingan qaror», deya atadi.

U 11 yanvar kuni ertalab yana bir post yozib qoldirdi: ta’kidlashicha, bugun uning farzandi sinf bo‘yicha darsga borgan yolg‘iz o‘quvchi bo‘libdi.

Qolgan hududlarda ham darsga ko‘pchilik kelmagani aytilmoqda. Davomatga alohida e’tibor berilmayapti.

Bloger va huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev holatga yumor bilan yondashib, o‘z sahifasida shunday yozuv qoldirdi:

«Sifatli ta’lim» yilidagi 1-darsimizga mas’ullardan hech kim tayyorlanmay kelibdi, hammasi «2″ baho olishdi. Xudo xohlasa, 2023 yilda ham zerikmas ekanmiz. O‘zi O‘zbekistonda zerikish qiyin», deydi bloger.

Jurnalist Aziza Qurbonova ham o‘z sahifasida holatga munosabat bildirib, hokimliklarga yuklangan ushbu qarorni «bajaramiz» kampaniyavozligiga o‘xshatdi:

«Bir qaraganda ana xorij tajribasi: mamlakat ta’lim menejmentida markazlashtirishdan voz kechib, hududlar/ta’lim muassasalarining o‘zlari qachon ish boshlash-boshlamaslikni hal qilganlari yaxshidek tuyuladi. Lekin bizda doimgidek „eng yaxshisini kutamiz va… doimgidek bo‘ladi“. Tun yarmiga og‘ganda mahalliy hokimiyatlarga berilgan tanlov huquqi „bajaramiz“ kampaniyavozligiga aylanib ketdi. „Maktabing tayyormi, o‘zing tanla“ desa „yo‘q, 6 million bolani oldida sizlar uyalmasangiz, men maktabimdagi mingta bolaning oldida bu tuturuqsizlikdan uyalaman“ deydigan mard topilarmidi? Yo‘q, albatta», dedi u.

Ayni vaqtda, kolumnist Komil Jalilovning qayd etishicha, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun mahalliy davlat organlari (hokimliklar)ga qishki ta’til davrini uzaytirish yoki uzaytirmaslik vakolatini bermaydi. «O‘sha savol: o‘zimiz chiqargan qonunlarga o‘zimiz rioya qilamizmi?», — deb savol qo‘ygan ekspert.

Toshkent shahar IIBB matbuot kotibi Bobur Tulyaganov o‘z sahifasida shunday deb yozdi:

O‘qish boshlanishi bilan bog‘liq xabarlar tez yangilanayotgani foydalanuvchilarga «ilhom» bag‘ishladi va yangi tez-aytish, she’rlar to‘qilishiga sababachi bo‘ldi.

Bu mavzu instablogerlar uchun ham yangi kontent tayyorlash yo‘lida «yaxshi» g‘oya bo‘ldi, deyish mumkin.

Qayd etish joiz, ayrim hududlar vaziyatga boshqacharoq yondashishga o‘zida kuch topa bildi. Xususan, Farg‘ona viloyati hokimligi hududdagi maktablarda dars 16 yanvardan boshlanishini ma’lum qildi. Buni «Yuksalish» umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov olqishladi.

«Biz Farg‘ona viloyati hokimining viloyat maktablarida o‘qishni 16 yanvardan boshlash qarorini olqishlaymiz. Ota-onalar va pedagogik tarkib ushbu qarorni chuqur o‘ylangan, bolalar salomatligi ustuvor qo‘yilgan qaror sifatida baholamoqda», deyiladi deputat nomidan e’lon qilingan bayonotda.

«Gazeta.uz» avvalroq O‘zbekistonning qaysi hududda qachondan qishki ta’til tugab, o‘qish boshlanishi haqidagi ma’lumotlarni bir sahifaga jamlagan edi.