Samarqand viloyati Paxtachi tumanida sodir bo‘lgan YTHda ikki nafar fuqaro vafot etdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

10 yanvar kuni soat 13:30 larda Zhongtong Bus rusumli avtomashina haydovchisi transportini Paxtachi tumani hududidan o‘tuvchi M-37 yo‘lining 124 kilometridan Samarqand tomonga boshqarib kelayotgan vaqtida VAZ-21013 avtomashina haydovchisi ikkinchi darajali yo‘ldan avtobus yo‘liga chiqib ketishi natijasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Oqibatda VAZ-21013 mashina haydovchisi hamda mazkur avtomashina salonida yo‘lovchi sifatida ketayotgan bir nafar fuqaro olgan tan jarohatlari tufayli vafot etgan. Mashinadagi uch nafar yo‘lovchilar tan jarohati bilan tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Paxtachi tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.