«Toshshahartransxizmat» AJ va Truck and Bus Trade Group MCHJ o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, 4 yanvar kuni MAN A22 CNG rusumli avtobuslarning navbatdagi 16 donasi foydalanish uchun topshirilgandi, deb xabar bermoqda AJ axborot xizmati.

Yangi avtobuslar quyidagi yo‘nalishlarda harakatlanadi:

  • 4 donasi — «1-Avtobus saroyi» filialiga biriktirilgan 28-sonli «Yashnobod qurilish kolleji — Ibn Sino 2-mavzesi»;
  • 4 donasi — «7-Avtobus saroyi» filialiga biriktirilgan 13-sonli «Izza mavzesi — Toshkent MUM»;
  • 1 donasi — «8-Avtobus saroyi» filialiga biriktirilgan 91-sonli «Yunusobod mavzesi 15-daha — Ko‘kcha masjidi bekati»;
  • 1 donasi — «8-Avtobus saroyi» filialiga biriktirilgan 118-sonli «Chilonzor buyum bozori — O‘zposlsavdo»;
  • 3 donasi — «18-Avtobus saroyi» filialiga biriktirilgan 87-sonli «Chinni bozori bekati — Qoraqamish 2/4 mavzesi»;
  • 3 donasi — «18-Avtobus saroyi» filialiga biriktirilgan 88-sonli «Ibn Sino 2-mavzesi — Muhammad Yusuf ko‘chasi».

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 13 dekab kuni poytaxtda jamoat transportidan foydalanadigan 1,3 mln yo‘lovchi uchun avtobuslar yetishmayotganini tanqid qilgandi. Prezident eng og‘ir yo‘nalishlarga qisqa muddatda qo‘shimcha avtobuslar qo‘yish hamda haydovchilarning oylik maoshlarini oshirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Prezident, xususan, bosh vazirga mart oyigacha Toshkentga 1000 ta avtobus olib kelish vazifasini yuklagan. Avvalroq buncha miqdordagi avtobuslarni 2025 yil oxirigacha sotib olish rejalashtirilgandi.

Ushbu topshiriqdan so‘ng 16−17 dekabr kunlari Toshkentga 204 ta yangi avtobus olib kelinib, yo‘nalishga chiqarilgan. Natijada avtobuslarning harakatlanish oraliq vaqti 25−30 daqiqadan 10−12 daqiqaga qisqargan. Biroq aholi ehtiyojlarini to‘liq qondirish uchun yana 21 ta yangi avtobus yo‘nalishi shakllantirilishi zarurligi qayd etilgan.