Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 30 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining 2023 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjat chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklariga chorvachilik va parranda go‘shti, sut va baliq yetishtirish uchun ajratiladigan subsidiyalar miqdorini ikki baravar kamaytirishni nazarda tutadi. Qonunchilikda joriy miqdorlar 2024 yilgacha hisoblangan edi.

Yangi tartibga ko‘ra, 2023 yilning 1 yanvaridan 2024 yilning 1 yanvarigacha QQS to‘lovchisi bo‘lgan subsidiya oluvchilarga respublika budjetidan quyidagi miqdorda subsidiya ajratiladi:

  • chorvachilik ho‘jaliklariga — o‘z ho‘jaliklarida va aholi xonadonlari bilan birgalikda kooperatsiya usulida yetishtirilib, go‘sht uchun sotilgan yirik va mayda shoxli mollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun 4000 so‘m o‘rniga 2000 so‘m hamda sutning har bir litri uchun 400 so‘m o‘rniga 200 so‘m. Bunda subsidiya QQSdan vaqtincha ozod qilish bo‘yicha imtiyoz amalda bo‘lgan davr uchun ham to‘lanadi;
  • parrandachilik ho‘jaliklariga — o‘z ho‘jaliklarida yetishtirilib, sotilgan tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m hamda parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 2500 so‘m o‘rniga 1250 so‘m, 2024 yil 1 yanvardan 1 000 so‘m.

Bundan tashqari, baliqchilik ho‘jaliklari uchun subsidiyalar intensiv usulda yetishtirilgan sovuq suv baliqlarining (losos, forel va osyotr) har bir kilogrammi uchun 3000 so‘m o‘rniga 1500 so‘m, qolgan turdagi baliqlar uchun 1000 so‘m o‘rniga 500 so‘m miqdorida. Shuningdek, ushbu subsidiyalar faqat 2024 yil 1 yanvargacha amal qiladi, avvalgi tahrirda esa muddatsiz edi.

Dekabr oyida Savdo-sanoat palatasida chorvachilik va parrandachilik sohasi tadbirkorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ishlab chiqaruvchilar subsidiyalar olish tartibining murakkabligi, chorva va parrandalar uchun ozuqa, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i qimmatligidan shikoyat qilib, amal qilish muddati tugagan soliq imtiyozlarini 2023-yildan boshlab uzaytirishni so‘ragan, aks holda, ularning fikricha, bu mahsulot narxining oshishiga sabab bo‘lishini bildirgan edi.

Tadbirkorlarning munosabati

Promeat go‘sht ishlab chiqarish korxonasi direktori, fermer Izzat Mutalov davlat rahbarining 2021 yil 3 martdagi go‘shtning har bir kilogrami uchun 4 ming so‘m miqdorida subsidiyalar ajratilishi to‘g‘risidagi qarori haqiqatan ham fermerlarni rag‘batlantirgani, hosildorlik va moliyaviy ahvoliga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, chorvachilik qo‘mitasi va mutasaddi idoralar o‘tgan yildan boshlab fermerlar bilan faol aloqalarni yo‘lga qo‘ygan, dekabr oyida davra suhbati tashkil etib, turli hududlardagi chorvadorlar bilan yildagi muammo va natijalarni ochiq muhokama qilgan. «Bu shaffoflik va ochiqlik, barcha qiyinchiliklarga qaramay, sanoatni isloh qilish uchun biznes va davlat nazorat organlarini birlashtirishda katta plyus», dedi u.

Biroq 2023 yil uchun budjet qabul qilingandan so‘ng go‘sht va sutga subsidiyalar kamaytirilgani haqidagi xabar «nafaqat fermer va ishlab chiqaruvchilarning kayfiyatiga, balki biznesga ham bevosita ta’sir qiladi».

«Oxir-oqibat, moliyaviy rejalashtirish va biznes vazifalarini belgilash bunday „yangi yil syurprizi“ munosabati bilan o‘zgarishi kerak. Tadbirkorlik faoliyatining qulay rivojlanishining asosiy shartlaridan biri, bu — biznesdagi qoidalar, shartlar va majburiyatlarning barqarorligidir. Balki bu qarorlarda subsidiyalarni qisqartirish bo‘yicha qandaydir mantiq bordir, balki uning asosli va xolis sabablari bordir, lekin bu haqda jamoatchilikka aytilmagan va tushuntirilmagan, men shaxsan o‘zim tahririyatingizdan bilib oldim», — dedi Izzat Mutalov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, fermerlar tomonidan qayta ishlash korxonalariga yetkazib beriladigan sut narxi 2022 yilda 4800 so‘mdan 7000 so‘mga oshgan. Tadbirkorning ta’kidlashicha, bu aholining sut mahsulotlari iste’moli ortishi bilan bog‘liq, biroq chorvachilik tarmog‘i u qadar tez rivojlanmayotgani sababli talabni qoplashga ulgurmayapti.

Subsidiyaning ikki barobarga qisqarishiga kelsak, bu kelajakda narxlarga ta’sir qiladi, deya tushuntirdi Izzat Mutalov.

«Gazeta.uz» Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish (qayta tashkil etilgan) vazirligiga subsidiyalar miqdorini qisqartirish sabablari haqida so‘rov yubordi.