Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlanganiga 5 kun bo‘lgan Amrillo Inoyatov tizimda 2023 yilni «Korrupsiyaga qarshi kurash yili» deb e’lon qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir birinchi navbatda korrupsiya ko‘p uchraydigan qator yo‘nalishlarda ularga barham berish kerakligini ta’kidladi. Xususan, ishga joylashtirish, tug‘uruqxonalardagi «suyunchi puli», «kesarcha kesish» uchun belgilangan stavkalar, order berishdagi tanish-bilishchilik kabi holatlar mavjudligini keltirib o‘tdi.

амрилло иноятов, korrupsiya, ссв

«Afsuski, shu ishlarni amalga oshirayotgan ayrim nopok shaxslar tufayli butun tizim sha’niga dog‘ tushmoqda. Yangi yilni tizimda Korrupsiyaga qarshi kurash yili deb e’lon qilamiz. Vazirlikning maxsus „Ishonch telefoni“ tashkil etiladi. Shu bilan birga, ishonch telefoni sifatida o‘zimning shaxsiy raqamimni ham kiritaman», — dedi Inoyatov.

Bu SSV uchun yangilik emas. Vazirlikka Alisher Shodmonov rahbarlik qilgan davrda, ya’ni 2020 yil ham Korrupsiyaga qarshi keskin kurash yili deya e’lon qilingandi. Unda 2018−2019 yillarda tizimda 500 nafardan ortiq xodim jinoiy javobgarlikka tortilgani, ularning 114 nafari korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etgani keltirilgandi.

Amrillo Inoyatov 2020 yilning noyabr oyidan 2022 yilning 30 dekabrigacha sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, 30 dekabrda lavozimga tayinlangan Amrillo Inoyatov Yangi yilga o‘tar kechasi poytaxtdagi davolash muassasalariga borgan va shifoxonalardagi muammolarni kabinetda o‘tirib hal qilib bo‘lmasligini aytgandi. Inoyatovdan oldingi vazir Behzod Musayev ham faoliyatini aynan shunday boshlagandi.