Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashovchi bola «Dok-1 Maks» siropi sabab vafot etdi, deya xabar bermoqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yilda tug‘ilgan X.Sh. 5 kun davomida o‘z turar joyida «Dok-1 Maks» siropini iste’mol qilib kelib, sog‘ligi yomonlashganligi sababli 27 dekabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy amaliy markazi Qashqadaryo filialiga olib kelingan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, 28 dekabr kuni vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi direktori M.Azizovning viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozovga yozgan xati nusxasi paydo bo‘lgandi, unda «Dok-1 Maks» tabletkalari va siropini qabul qilgan bemorlarda asoratlar yuzaga kelgani va o‘limi haqida so‘z borgan.

Oradan vaqt o‘tib, Bolalar ombudsmani Samarqanda «Dok-1 Maks» tabletka va siroplarini iste’mol qilishi oqibatida vafot etgan bolalar soni 18 nafarga yetganini ma’lum qilgandi. Bemorlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlaridan bo‘lgan. Urning barchasi 6 yoshgacha bo‘lgan.

Keyinchalik SSV 18 nafar bola «Dok-1 Maks» siropini ichib vafot etganini tasdiqlagan. Uning tarkibidan tarkibida zaharli modda — etilenglikol topilgan. Aniqlanishicha, dori shifokor retseptisiz, mustaqil yoki farmatsevt tavsiyasi bilan sotib olingan va me’yordan ortiq dozada qabul qilingan. Holat o‘rganilgach, yetti nafar mas’ul ishdan olingan. Dori savdosi esa to‘xtatilgan.

Shundan so‘ng, DXX Tergov boshqarmasi tomonidan 18 bola o‘limiga sababchi bo‘lgan «Dok-1 Maks» bilan bog‘liq holat bo‘yicha Quramax medical hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev esa siropini qabul qilgan bolalar o‘limi haqidagi ma’lumotlar vazirlikdan yashirilganini aytgandi. U 18 nafar bolaning ota-onasiga hamdardlik bildirib, uzr so‘ragan.