Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekistonning 2023 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasi umumiy hisobda uch soatga yaqin davom etdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi. 19 dekabr kuni moliyaviy hujjat loyihasi birinchi o‘qishdan o‘tkazildi va ma’qullandi. 22 dekabr kuni qonun darhol ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Birinchi o‘qish

Qonun loyihasining birinchi o‘qishdagi muhokamasi 1 soat 38 daqiqa davom etdi (translyatsiya yozuvi). Moliya vaziri Timur Ishmetovning hisoboti 20 daqiqaga yaqin, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovning nutqi esa qariyb 15 daqiqa davom etdi.

budjet 2023

Moliya vaziri Timur Ishmetov

Deputatlar yarim soatdan kam vaqt davomida vazirlarga savollar berdi, qolgan vaqt ichida deputatlar qonunni birinchi o‘qishda qabul qilish uchun ovoz berishga chaqirdi. Davlat budjetining taqdim etilganidek qabul qilinishiga hech kim ochiqchasiga qarshi chiqmadi.

budjet va iqtisodiy islohotlar bo‘yicha qo‘mita raisi Sharofiddin Nazarov hukumat va qo‘mita xodimlaridan iborat ishchi guruh qonun loyihasini deputatlarning savol va takliflarini inobatga olgan holda ikkinchi o‘qishga tayyorlashni boshlashi uchun qonun loyihasini birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilishni taklif etdi.

O‘zLiDeP partiyasi boshlig‘i Aktam Haitov, «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov va boshqa deputatlar loyiha hujjatini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Shu bilan birga «Milliy tiklanish» deputati Ilhom Abdullayev deputatlar hukumat a’zolari bilan doimiy muloqotda ekani, har 3 oyda ko‘rishib turishi va u yoki bu masala bo‘yicha mamlakatda yuz bergan o‘zgartirishlarni kuzatib, o‘zlarining moliyaviy takliflarini taqdim etayotganini ta’kidladi.

«Bu uzluksiz davom etadigan jarayon. Kelgusi yilning budjet masalasi 1 kun yoki 1 haftada tayyor bo‘ladigan narsa emas. Aytish mumkinki, biz 1 iyuldan buyon bu jarayon bilan bandmiz. Tegishli vazirliklar huzuridagi har bir qo‘mitada fuqarolarning tegishli xarajatlari bo‘yicha doimiy ish olib borilmoqda, — dedi u.

Shuningdek, parlament a’zosi, AQShni misol keltirib, mamlakat prezidenti «shatdaun» (moliyalashtirishning yo‘qligi sabab federal organlar faoliyatining to‘xtashi) ning oldini olish uchun 16 dan 23 dekabrgacha bo‘lgan haftalik budjetni imzolaganini ta’kidladi. Bundan tashqari hujjatning imzolanishi 2023 yil uchun to‘liq budjetni tasdiqlash uchun vaqt berishini ham aytib o‘tdi.

Ilhom Abdullayev deputatlar «fuqarolar manfaatlarini himoya qilmaydigan budjetni hech qachon qabul qilmasligi va hatto ko‘rib chiqmasligini» ta’kidladi.

budjet 2023

Birinchi o‘qish natijalari

Birinchi o‘qishda ovoz berish natijalariga ko‘ra, qonun loyihasini 112 deputat qo‘llab-quvvatladi, 1 nafar deputat (O‘zLiDeP partiyasidan) qarshi chiqdi, 3 nafar deputat betaraf qoldi, 9 nafari esa ovoz bermadi.

Ikkinchi va uchinchi o‘qish

22 dekabr kuni parlament quyi palatasining majlisi 1 soat 20 daqiqaga yaqin davom etdi.

Agar birinchi kuni qonunning qabul qilinishiga qarshi chiqqan va betaraf qolganlar bo‘lsa, ikkinchi kuni qonun loyihasining moddalari bo‘yicha berilgan barcha ovozlar tanqidsiz qabul qilindi va bir ovozdan betaraf holda qabul qilindi. Deputatlar, asosan, Prezidentning 20 dekabr kungi Murojaatnomasiga e’tibor qaratib, amaliy jihatdan alohida moddalar bo‘yicha savollar bermadi.

budjet 2023

Ikkinchi o‘qish natijalari

budjet 2023

Uchinchi o‘qish natijalari

budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Sharofiddin Nazarov ikkinchi o‘qishda bir ovozdan ma’qullanganidan so‘ng (119 nafar yoqlab, 3 nafari ovoz bermadi, qarshilar va betaraflar yo‘q) yanglishib, qonun qabul qilingani uchun deputatlarga minnatdorchilik bildirdi.

O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» partiyalari yetakchilari Aktam Haitov va Alisher Qodirov hamkasblarini qonunni uchinchi o‘qishda ma’qullashga chaqirdi. Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, savollarning kamligi nafaqat mazkur hujjatning fraksiyalarda muhokama qilingani, balki uning partiyasi yil davomida budjet dasturi bo‘yicha o‘z takliflarini yuborgani bilan ham bog‘liq.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov deputatlar Vazirlar Mahkamasi a’zolari bilan birgalikda «budjet loyihasi ustida kechayu kunduz ishlagani, hukumat deputatlarning barcha savollariga javob berganini» ta’kidladi. Shu bilan birga, jurnalistlar yig‘ilishlarda qatnashmadi, jonli efir bo‘lmagani uchun deputatlar va hukumat a’zolari aynan nimani muhokama qilganini keng jamoatchilik bilmaydi.

Muhokamalarning ikkinchi kunida doimiy tanqidiy savollar beruvchi deputatlar — O‘zLiDeP partiyasi vakillari Doniyor G‘aniyev va Rasul Kusherbayev yig‘ilishda chiqish qilmadi.

Eslatib o‘tamiz, 20 dekabr kuni prezident parlament va xalqqa yo‘llangan Murojaatnomada Shavkat Mirziyoyev vazirni tayinlashda deputatlar ishtirok etayotgani, rejalari bilan tanishib, ma’qullayotgani, lekin, afsuski, keyinchalik faqat tanqid bilan cheklanib qolganini qayd etdi.

«Albatta, tanqid ham kerak. Ammo hozirgi deputatlarga berilgan katta vakolat va imkoniyatlardan samarali foydalanish lozim. Men ham uzoq yillar deputat bo‘lib ishlaganman, o‘sha davrda Parlamentda hisobot bergan vazirlarni kamdan-kam ko‘rar edik. Hozir esa vaziyat mutlaqo boshqachaku! Shuning uchun eng muhim masala — yurt taqdiriga daxldor bo‘lib, xalqimizni rozi qilish uchun hammamiz birgalikda ishlashimiz kerak», — dedi davlat rahbari.

Avvalroq, quyi palataning budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi 15 dekabrga qadar qabul qilinishi kerak bo‘lgan 2023 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi loyihani bor-yo‘g‘i 3 kun ko‘rib chiqqani haqida xabar berilgandi. Vazirlar Mahkamasi loyiha hujjatini 15 oktabrga qadar parlamentga kiritishi kerak edi. Ammo muddatni buzgan holda 16 dekabr kuni loyihani taqdim etdi.

O‘tgan yilda ham Moliya vazirligi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun maxsus portalda e’lon qilmagandi.

Moliya vaziri Timur Ishmetov quyi palataning yig‘ilishida kelgusi yilda budjet daromadlari 311 trln so‘m miqdorida, xarajatlar esa 344 trln so‘m miqdorida rejalashtirilganini ma’lum qilgandi. Konsolidatsiyalashgan budjet miqdori 32,5 trln so‘m yoki YAIMga nisbatan 3% taqchillik bilan shakllantirildi