Transport vaziri Ilhom Maxkamov prezident topshirig‘idan so‘ng har hafta kamida 4 kun uydan ishga borishda yoki ishdan uyga borishda jamoat transportidan foydalanmoqda. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Abdujamil Azizov videomurojaatda ma’lum qildi.

«Albatta, transport vaziri [Ilhom Mahkamov] jamoat transportidan foydalanib turadi. Prezidentning oxirgi topshiriqlaridan keyin haftasiga 4 kun yo ishga, yo ishdan keyin jamoat transportidan foydalanayotganlarini bilaman», — dedi u.

Muammoli vaziyatlarda aholiga murojaat qilish an’anasini O‘zbekistonda energetika taqchilligi davrida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshlab bergandi. U shaxsan o‘zi aholi orasida paydo bo‘lgan savollarga javob bergandi. Hozircha transport vazirining o‘zi murojaat bilan chiqmadi, bu ishni tizimdagi mas’ullar qilmoqda.

13 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev poytaxtda jamoat transportidan foydalanadigan 1,3 mln yo‘lovchi uchun avtobuslar yetishmayotganini tanqid qilgandi. Prezident eng og‘ir yo‘nalishlarga qisqa muddatda qo‘shimcha avtobuslar qo‘yish hamda haydovchilarning oylik maoshlarini oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, bosh vazirga mart oyigacha Toshkentga 1000 ta avtobus olib kelish vazifasi topshirildi. Avvalroq buncha miqdordagi avtobuslarni 2025 yil oxirigacha sotib olish rejalashtirilgandi.

Davlat rahbari tanqididan so‘ng ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va transport vaziri Ilhom Mahkamov ilk marta Toshkentdagi avtobusda ko‘rinish berdi. Ikki vazir aholi bilan jamoat transporti qulayligi va muammolari haqida suhbatlashgani ma’lum bo‘ldi.

Tarmoqlarda Po‘lat Bobojov va Ilhom Mahkamovning bunday suratlari kutilmagan va noyob hodisa sifatida talqin etildi.

илҳом махкамов, transport vaziri

Foto: IIV

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar vazirining metroda ketayotgani aks etgan video tarqaldi. 19 dekabr kuni ham avtobuslarda va bekatlarda Toshkent shahar IIB rahbariyati ishtirokidagi videolavhalar paydo bo‘ldi.

Vazirlarga hamrohlik qilish va holatni yoritish uchun jurnalistlar taklif qilinmadi.

19 dekabr kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumani hokimligi tuman hokimi Farxod Abdullayevning «jamoat transportida yaratilgan qulaylik va kamchiliklarni» o‘rganayotgan suratlarini ham e’lon qildi.

илҳом махкамов, transport vaziri

Foto: t.me/uchtepahokimligi.

Shu kuni Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev ham jamoat transporti faoliyati bilan tanishdi.

илҳом махкамов, transport vaziri

Foto: t.me/Tashkent_land.