Farg‘ona viloyatilik bloger Olimjon Haydarov O‘zbekiston tuman sudi tomonidan mitinglar tashkil etish va o‘tkazish tartibini buzganlik, yolg‘on axborot tarqatishda ayblanib, unga nisbatan BHMning 70 baravari (21 mln so‘m) miqdorida jarima solingan sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berdi. Bu haqda u Facebook-sahifasida ma’lum qildi.

Dekabr oyi boshida Olimjon Haydarov Farg‘ona viloyatidagi Albus gips zavodi xodimlari tuman tashkilotlarida gaz uzilishi tufayli 10 ming aholi ishsiz qolganini da’vo qilgan videoni e’lon qilgan edi. Zavodning yetti nafar ishchisi bezorilik, yig‘ilishlar, mitinglar yoki namoyishlar o‘tkazish tartibini buzganlik aybi bilan 5−10 sutkaga qamaldi (MJTKning 201-moddasi asosida).

Farg‘ona viloyat IIB matbuot xizmati bloger zavod ishchilariga namoyish o‘tkazish va videomurojaat yozishni taklif qilgan, jarayonni rejalashtirish ishlarida ishtirok etganini ma’lum qildi. Boshqarma Haydarovning ayrim korxonalarning (jumladan, Knauf) amaldorlarga aloqadorligi borligi, ularni «rahnamolikka olgani»ni aytib, yolg‘on axborot tarqatganlikda aybladi.

Bloger har ikki ayblovni ham inkor etdi. «Bu yerda 201-moddaga asos muhokamalarga sabab bo‘lgan videoni tayyorlash, ularga gap o‘rgatish, videoga olib tarqatish aybini qo‘yishdi, vaholanki shu kuni uyda bo‘lganman. Lekin qandaydir yo‘llar bilan menga qarshi arizalar olingan», — deb yozdi bloger.

Olimjon Haydarov 202−2-moddaning 2-qismi (Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish) u postida «Sho‘rsuvda 10 000 nafar odam ishlaydi» va «Knauf ochilishiga bosh vazir Aripov kelgan, odamlar bu zavodni bosh vazirga aloqasi bor deyishmoqda» degan gaplari asos bo‘lganini ta’kidladi.

«Sud hammani eshitib chiqdi. Ikki modda bo‘yicha ham aybdor deb topdi. Bugun shuni his qildimki, materiallar jarima uchun emas, aynan 15 sutkaga tiqish uchun mo‘ljallab tayyorlangan», — deya ta’kidladi u.

Bloger sud hukmidan norozi ekani hamda qaror ustidan apellyatsiyaga berishini ma’lum qildi.

Shuningdek, u Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) faoliyatini ham tanqid qildi.

«Kechagi bo‘lgan holat — O‘zbekiston tumanida aynan jurnalistik faoliyat olib borayotganimda menga qilingan harakat — bu to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘z erkinlini to‘liq bo‘g‘ishga bo‘lgan harakatdir. Meni hech qanday asos, sabablarsiz jurnalistik faoliyat — jurnalistik surishtiruvi o‘tkazayotgan joyimdan kuch bilan olib ketilishim, avvaldan menga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar bilan arizalar tayyorlab qo‘yilgani, hech qanday qonuniy asos bo‘lmasada men va operatorimni 7 soat IIB binosida ushlab turilganimiz — bu so‘z erkinligini bo‘g‘ishdan boshqa narsa emas», — deb yozdi u.

Munosabatlar

«Gazeta.uz» avvalroq O‘zbekistonda yig‘ilishlar, mitinglar yoki namoyishlar o‘tkazish tartibini buzganlik uchun javobgarlik borligiga qaramasdan, haligacha ularni o‘tkazish tartiblari mavjud emasligi haqida yozgan edi. Buni, xususan, o‘tgan yili sobiq adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham tan olgan edi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham 14 dekabr kuni yig‘ilishlar, mitinglar va namoyishlar o‘tkazish tartibi yo‘qligi haqida yozdi.

«Suddan iltimos qilamiz: boshqalar ham tartibni buzib qo‘ymasligi uchun o‘sha o‘zlariga ma’lum «yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibi»ni bizlarga ham ma’lum qilib, tushuntirib berishsin», -dedi u.

«Amalda ushbu tartibning o‘zi bo‘lmagach, uni buzib bo‘lmaydi. Buzib bo‘lmagach, jazo berish ham mumkinmas. Jazo berilgan taqdirda ham bu noqonuniy bo‘lib, sud tomonidan adolatsiz qaror qabul qilish hisoblanadi», — deb yozdi parlamentariy.

Advokat Abdumalik Abdullayevning ma’lum qilishicha, MJTKning 201-moddasi (Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) blanket dispozitsiyali hisoblanadi, sababi «yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibi»ni buzish belgilari moddada to‘g‘ridan to‘g‘ri belgilanmagan.

Ichki ishlar vazirligi 2019 yil iyun va 2021 yil avgust oylarida «Mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasini e’lon qildi. Versiyalar bir-biridan farq qilardi. Ikkinchisida tadbirlarni ish vaqtida, ikki soat ichida va ma’muriy binolardan 300 m dan yaqin bo‘lmagan masofada o‘tkazish taklif qilindi. O‘tkazish uchun ariza berish muddatini 15 ish kuni qilib belgilash taklif qilindi. Qonun hali qabul qilinmagan. Uning deputatlar muhokamasi haqida xabar berilmagan.

Abdumalik Abdullayevning fikricha, MJTKning 202−2-moddasi bo‘yicha ayblash uchun axborotning «yolg‘onligini tasdiqlovchi barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilgan bo‘lishi shart».

«Shundan so‘ng, agar har bir ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilganligi faktlari isbotlangan va o‘z navbatida bunga blogerning daxldorligi aniqlangan bӯlishi kerak», — deb yozdi u.

MJtKga 202−2-modda 2020 yilning dekabrida kiritilgan. O‘shanda Jinoyat kodeksiga ham «Yolg‘on axborot tarqatish» moddasi kiritilgandi.