Prezident farmoniga asosan, 1-yanvardan pensiya tayinlash uchun o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori chegarasi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobarigacha oshiriladi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bunda, pensiya tayinlashda hisobga olingan o‘rtacha oylik ish haqi miqdori 3 mln 240 ming so‘mdan yuqori bo‘lgan nafaqaxo‘rlarning pensiyalari qayta hisob-kitob qilib chiqiladi.

Jamg‘arma ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 3,2 mln so‘mdan yuqori ish haqi oluvchi barcha pensionerlarning oladigan puli qayta hisob-kitob qilingan, pensiyasi oshadigan fuqarolarga dekabr oyida SMS xabar yuborilgan.

Tizimning o‘zi avtomatik tarzda qayta hisob-kitob qiladi. Shu sabab pensionerlarning o‘zi jamg‘armaga murojaat etishi shart emas. Agar tayinlangan pensiya miqdori oshganligi to‘g‘risida ma’lumot kerak bo‘lsa, pensiyauzbot Telegram-bot orqali uni tekshirib ko‘rish mumkin.

Shu vaqtgacha 30 yil ish staji va 3,9 mln so‘m o‘rtacha oylik ish haqi olgan erkak kishiga 2022 yilda 1 944 000 so‘m yoshga doir pensiya tayinlangan.

Bunda pensiya quyidagicha hisoblanadi: o‘rtacha oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblash bazaviy miqdori (324 000 so‘m)ning 10 baravaridan yuqori bo‘lganligi sababli, pensiya hisoblash uchun 3 240 000 so‘m inobatga olingan.

Pensiyaning tayanch miqdori — 1 782 000 so‘m (pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olingan o‘rtacha oylik ish haqi — 3 240 000 so‘mning 55 foizi);

Ortiqcha ish staji uchun ustama — 162 000 so‘m (erkaklarga talab etilgan 25 yil stajdan har bir ortiqcha yillik ish staj uchun pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olingan o‘rtacha oylik ish haqining 1 foizi miqdorida — 3 240 000 so‘m * 5%). Jami pensiya miqdori 1 782 000 + 162 000 = 1 944 000 so‘m

Ushbu fuqaroning pensiyasi 2023 yil 1 yanvardan qayta hisob-kitob qilinib, 2 332 800 so‘mni tashkil etadi.

Pensiyani hisoblashda:

  • o‘rtacha oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblash bazaviy miqdori (324 000 so‘m)ning 12 baravari (3 888 000 so‘m)dan yuqori bo‘lganligi sababli, pensiya hisoblash uchun 3 888 000 so‘m inobatga olinadi;
  • pensiyaning tayanch miqdori — 2 138 400 so‘m (pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olingan o‘rtacha oylik ish haqi — 3 888 000 so‘mning 55 foizi);
  • ortiqcha ish staji uchun ustama — 194 400 so‘m (erkaklarga talab etilgan 25 yil stajdan har bir ortiqcha yillik ish staj uchun pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olingan o‘rtacha oylik ish haqining 1 foizi miqdorida — 3 888 000 so‘m x 5%). Jami pensiya miqdori 2 138 400 + 194 400 = 2 332 800 so‘m miqdorida to‘lanadi.

Ya’ni, fuqaroning 2023 yil 1 yanvardan boshlab pensiya miqdori amaldagiga nisbatan 388 800 so‘mga oshadi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu qonun loyihasi joriy yilning sentabr oyida Senat tomonidan ma’qullangandi.