2022 yilning yanvar-oktbyar oyida Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida 380 ta korrupsion holat aniqlanib, 383 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda 14 dekabr kuni vazirlikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Tadbirda «Gazeta.uz» muxbiri joriy yilda vazirlik tizimida kuzatilgan korrupsya va talon-torojlik holatlari haqida so‘radi. Bu savolga Bosh prokuratura boshkarma katta prokurori Karimjon Musashayxov javob berdi.

«Uch yillik jinoyatlar bo‘yicha tahlillar o‘tkazilib, vazir nomidan bosh prokurorga taqdimnoma kiritilgan. Taqdimnoma bevosita vazirlikning barcha mas’ul xodimlari ishtirokida keng muhokama qilingan. Statistikaga ko‘ra, 2019 yilda 167 nafar, 2020 yilda 131 nafar, 2021 yildi esa 153 nafar xodim tomonidan korrupsion jinoyatlar sodir etilgan. 2022 yilning 10 oyida esa 380 ta korrupsion holatlar aniqlanib, 383 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur jinoyatlarning asosiy qismi, ya’ni 200 taga yaqini o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish jinoyatlari tashkil etadi.

Prokuratura rasmiysining qayd etishicha, ushbu jinoyatlarni sodir etishda asosan, vazirlik tizimidagi ish haqi, turli rag‘batlantirish, davlat xaridlarida qimmat narxlarda sotib olish, qurilishga ajratilgan pullarni talon-toroj qilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

«Bu jinoyatlar vazirlikning ichki audit xizmati tomonidan berilgan ma’lumotlar asosida fosh etilgan», — dedi Karimjon Musashayxov.