Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda pul evaziga mijozlar gaz quyish shoxobchasiga navbatsiz kiritilayotgani aytilgan videoga munosabat bildirdi.

Oltinko‘l tumani IIB xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv harakatlari olib borilganda «Sifatli metan gaz» MCHJ avtomobillarni gaz quyish shoxobchasiga navbatsiz kiritayotgan 2 nafar shaxslar shu tumanda yashovchi K.O‘ va S.O.lar ekani ma’lum bo‘ldi.

Ushbu fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-modda (Mayda bezorilik), 194-modda 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) hamda 200-modda (O‘zboshimchalik)ga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy tartibda ko‘rib chiqishlik uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinko‘l tuman sudiga yuborildi.

12 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinko‘l tuman sudi tomonidan K.O‘. va S.O.larga nisbatan to‘plangan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilib, ularga nisbatan 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida aholi va ijtimoiy soha obyektlariga tabiiy gaz ehtiyoji ortgani bois gaz «zapravka»lar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani xabar qilingandi.