Qo‘qon shahar IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida tengdoshlari kaltaklashi oqibatida 14 yoshli bola vafot etgani haqida xabar berilgandi. Mazkur holat yuzasidan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Bekmurod Abdullayev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi, deya yozmoqda O‘zA.

Vazir o‘rinbosari hodisa tizimning kechirilmas xatosi bo‘lganini tan olar ekan, bir yil oldin «Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari to‘g‘risida»gi nizomni ishlab chiqishda bosh-qosh bo‘lgani haqida gapirdi.

«Bir norasidani voyaga yetkazish qancha mashaqqat talab etadi?! Eslasam, hamon yuragim og‘riydi. Bu holat haqiqiy sovuqqonlik bo‘ldi. Xatoga yo‘l qo‘ygan xodimlar qamoqqa olindi. O‘zim boshchiligimda attestatsiya komissiyasi tashkil etildi. Xodimlar to‘liq shahodatlashdan o‘tadi. Bir yil oldin Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan «Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari to‘g‘risida»gi nizomni ishlab chiqishda bosh-qosh bo‘lganmiz. Mas’uliyatni bo‘ynimizga olganmiz», — dedi Bekmurod Abdullayev.

«Prezidentga mazkur tizimni „ipidan ignasigacha“ to‘g‘ri tashkil etish uchun so‘z berganmiz. Prezident oldida ham uyatlimiz. Ishoning, agar shu bolaning hayotini saqlab qolish uchun, kerak bo‘lsa, men hech ikkilanmay, o‘z lavozimimdan voz kechardim», — dedi vazir o‘rinbosari.

Uning ta’kidlashicha, Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarini tashkil etishdan maqsad ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar nazoratisiz va qarovisiz qolgan, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvoldagi oilalarda yashayotgan, davlat va jamoatchilik yordamiga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha faoliyatni samarali tashkil etish hisoblanadi.

Hodisadan bir muddat o‘tib, Farg‘ona viloyati IIB voqea sabab 2 nafar IIO xodimi ishdan bo‘shatilgani haqida xabar qildi. Bundan tashqari, markazi rahbari ham ishdan olingan. Xizmat faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun 3 nafar xodimga «hayfsan» intizomiy jazosi tayinlangan.

4 nafar xodimning esa lavozimiga loyiq yoki noloyiqligini aniqlash maqsadida navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilangan. Oradan vaqt o‘tib, ikki nafar sobiq IIB xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.