Hozirgi kunda O‘zbekistonda 850 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar bor, ulardan 250 mingdan ortig‘i mehnatga layoqatli hisoblanadi. 70 mingga yaqini esa ish bilan ta’minlangan. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

3 dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan «Yilning eng yaxshi ish beruvchisi» tanlovining taqdirlash marosimidan so‘ng Nozim Xusanov OAV vakillarining savollariga javob berdi.

U intervyu mobaynida bugungi kunda O‘zbekistonda inklyuziv jamiyat yaratish borasida qator muhim ishlar amalga oshirilayotgani, davlat rahbarining bir qancha qaror va farmonlari qabul qilinganini ta’kidlab o‘tdi.

«Bilamizki, bu yo‘lanishda ko‘plab loyihalarni yo‘lga qo‘ymay turib, yangilik qilish juda qiyin. Vazirlik tomonidan o‘tkazilgan bugungi tadbirda ham nogironligi bor shaxslarga ta’lim va ish beruvchi 6 ta NNTga moliyaviy grantlar ajratdik. Ular orqali bir necha yuzlab nogironligi bo‘lgan shaxslar qo‘llab-quvvatlanadi. Shuningdek, nogiron fuqarolarni ishga olgan tadbirkorlarimiz o‘rtasida ham tanlov o‘tkazib, bir qanchasini taqdirladik. Tanlovdan maqsad shuki, ishbilarmonlarni ham savobli ishga undash, ham ularga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishdir», — dedi Nozim Xusanov.

Uning qayd etishicha, ular kuniga 4−5 soat ishlay oladi. «Tahlillarga ko‘ra, 70 mingga yaqin nogironligi bor shaxslar ish bilan ta’minlangan. 100 mingdan ortig‘ida esa mehnat qilish istagi bor, davlat rivojiga hissa qo‘shishni xohlaydi», — dedi hukumat vakili.


Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati.

Nozim Xusanovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda nogironligi bor shaxslarga ish berishni xohlagan tadbirkorlarga subsidiyalar ajratish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.

«Aksariyat xorij davlatlarida tadbirkorlar nogironlarni ishga olishga juda qiziqadi va bunga ish beruvchi sifatida sharaf bilan qaraydi. Ammo bizda ko‘plab tadbirkorlar bundan ozgina cho‘chiydi. Chunki nogironligi bor shaxsni ishga olgandan so‘ng unga alohida sharoit yaratishi kerak, o‘ziga yarasha talablari bor. Lekin bugungi tanlov g‘oliblari bo‘lgan tadbirkorlarni ham yonida yurib, birga maslahatlashib, moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish natijasida ko‘plab nogironlarni ishga joylashtirdik. O‘ylaymanki, biz mana shunday hamkorlikni ko‘proq amalga oshirsak, sezilarli natijalarga erishamiz», — dedi bandlik va mehnat munosabatlari vazari.

U tadbirkorlarni nogironlarga ish berish va qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi, qolaversa, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, moddiy tomonlama ham rag‘batlantirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Nozim Xusanovning ma’lum qilishicha, joriy yilda nogironligi bor shaxslar bandligini ta’minlash bo‘yicha milliy dastur ishlab chiqildi. Dastur loyihasini tayyorlashda nogironlar bilan ishlaydigan tashkilotlardan ham takliflar olingan. «Ushbu milliy dastur doirasida 2023 yilda 25 ming nafar nogironni ishga joylashtirish rejalashtirilgan. Agar tadbirkorlarimiz takliflar bilan chiqishsa, bu raqamlar bir necha barobarga ortishi mumkin», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» prezident tashabbusi bilan joriy etilgan 2 foizli kvota asosida bu yil 960 nafar nogiron OTMni tamomlagani, biroq ular ishsiz ekanligiga e’tibor qaratgandi. Qonunchilikka ko‘ra davlat tashkilotlari ularga ish o‘rni yaratishi kerak, ammo tashkilotlar ish so‘rab borganlarga rad javobini berayotgani ma’lum bo‘lgandi.