Nukusda 1−2 iyul kunlari yuz bergan voqealar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha asosiy sudlanuvchi Dauletmurat Tajimuratov Buxoro viloyat sudida 1 dekabr kuni bergan ko‘rsatuvida Qoraqalpog‘iston deputatlari nima uchun respublikaning suveren maqomidan voz kechish uchun ovoz berganini aniqlashga qanday uringani va miting o‘tkazish da’vati bilan chiqishga uni nima undaganini gapirib berdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda (Tajimuratov chiqishining videosini bu yerda ko‘rish mumkin).

Ko‘rsatmasining boshida u ba’zi sudlanuvchilarni — unga qarshi ko‘rsatuv bergan o‘z do‘stlari va tanishlarini «taniyolmay qolgani»ni aytdi. Avval xabar berilganidek, taniqli sambochi va Nukus olimpiya zaxiralari kolleji direktori Azamat Turdanov o‘z ko‘rsatmasida Tajimuratovni firibgar va jinoyatchi deb atagan edi. Bir qator boshqa sudlanuvchilar iyul boshida bo‘lib o‘tgan g‘alayonlar uchun Tajimuratov aybdorligini ta’kidladi.

Dauletmurat Tajimuratovning aytishicha, uning Turdanov bilan munosabatlari xuddi aka-ukalarnikidek edi, u hatto Tajimuratovga ismini aytib emas, balki «ajag‘a» (aka) deb murojaat qilgan. Tajimuratovning so‘zlariga ko‘ra, ular Turdanov bilan yetti kishi bo‘lib muntazam ko‘rishib turishgan, bu yetti kishining besh nafari «lavozimli odamlar» edi.

Jurnalist Lolagul Kallixanova bilan u yaqinda, o‘z blogerlik faoliyatini boshlagan vaqtida tanishgan. Ular o‘rtasida hech qanday jinoiy til biriktiruv bo‘lmagan, so‘nggi bir yil davomida esa muloqot ham bo‘lmagan, dedi Tajimuratov.

Qoraqalpog‘iston IIV xodimi Po‘lat Shamshetov bilan esa, Tajimuratovning so‘zlariga ko‘ra, 2011 yildan beri tanish. Og‘ir vaqtlarda ular bir-birini qo‘llab-quvvatlab turgan. Tajimuratovning aytishicha, Shamshetov lavozimidan kelib chiqib, siyosiy mavzularda gapirmaslikni ma’qul ko‘rgan.

Tajimuratov boshqa sudlanuvchilarga ham qisqacha tavsif berib, ularning bari unga qarshi guvohlik berayotganini qayd etib o‘tdi.

Shundan so‘ng Tajimuratov 17−18 iyun kunlari xalq orasida Qoraqalpog‘istonning suverenitetini bekor qilish bo‘yicha referendum o‘tkazilishi haqida mish-mishlar tarqalgani haqida gapirib berdi. U 19 iyun kuni senator Ulug‘bek Jalmenovga qo‘ng‘iroq qilgan. Senator uni maqtay boshlagan. Tajimuratov undan referendum rejalashtirilyaptimi yoki yo‘q, shunga aniqlik kiritishni so‘ragan.

Tajimuratovning so‘zlariga ko‘ra, Jalmenov referendum bo‘lishini tasdiqlab, bu yaxshilikka ekanini ham qo‘shimcha qilgan. U, shuningdek, Konstitutsiyaga Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston bir butun mamlakat ekani va Qoraqalpog‘iston O‘zbekistonning himoyasi ostida bo‘lishi yozib qo‘yilishini ham aytib o‘tgan. Tajimuratovning hayron qolganiga javoban, senator shunday davom etgan: bu Orolbo‘yi mintaqasi, O‘zbekiston shu mintaqa haqida qayg‘uryapti.

«Endi nima qilmoqchisiz, fikringiz qanday bo‘ldi, dedim. Hamma qo‘llaganidan keyin, men nima ham derdim, dedi. Ulug‘bek og‘a, kelajak avlodga nima deb javob berasiz, dedim. Men buni ko‘tara olmayman, deb aytdim», — deydi Tajimuratov.

Shundan so‘ng DXXga borib, «shunaqa gaplar bo‘layotgan ekan, rostmi-yolg‘onmi» deb Jalg‘as Jumabekovdan so‘ragan. U bunday gaplar yo‘qligini aytgan. «U meni tinchlantirdi», — deydi Tajimuratov.

«Qarasam, 24 iyun kuni shunday o‘zgarish bo‘ladi, deb chiqdi (aslida o‘zgartishlar loyihasi 25 iyun kuni e’lon qilingan — tahr.). Men hayron bo‘ldim. Uyga borib, bu narsa yaxshi emas, men yaqinda bu masalani ko‘taraman, qamalaman», — dedi Tajimuratov.

Aytishicha, u advokatlar uchrashuvini tashkillashtirgan. 1 iyul kuni uchrashuv haqida videoni e’lon qilgan. Keyinroq «onasining hurmati uchun» videoni o‘chirib tashlagan. Keyinroq bu videoni, uning so‘zlariga ko‘ra, Lolagul Kallixanova e’lon qilgan. U boshqa odamlar orqali Lolagulga videoni o‘chirish kerakligi, aks holda qamalib ketishi mumkinligi haqidagi xabarni yetkazishga uringan.

1 iyul kuni juma namozidan so‘ng Tajimuratov shundoqqina masjid oldida bayonot bilan chiqish qilgan. U o‘z bayonotida 5 iyul kuni qonuniy miting o‘tkazish uchun ruxsat so‘rab murojaat qilishini aytgan (bu haqda avval xabar berilgan edi) va uni «qoraqalpoqlarga bosh» qilishni so‘ragan.

Bundan avval, 30 iyun kuni esa, o‘zining ta’kidlashicha, Jo‘qorg‘i Kengesda bo‘lgan. Aytishicha, uchrashuv uyushtirish haqida Qoraqalpog‘iston parlamentining o‘sha vaqtdagi rahbari Murat Kamalovning o‘zi ko‘rsatma bergan. Uchrashuvda qo‘mita raislaridan biri Zuhra Reimova, senator Jalmenov, Tajibay Romanov va Botir Matmuradov bo‘lgan. «Men Botir Matmuradovning chiqib ketishini talab qildim. Keyin Zuhra Reimovadan bu o‘zgarishni kim taklif qilganini so‘radim, u buni aytolmasligini bildirdi», — dedi sudlanuvchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Reimova suverenitetdan voz kechish to‘g‘risida referendum o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashini aytgan, Romanov bo‘lsa o‘z fikrini referendumda bildirishini ma’lum qilgan.

Chiqib ketarkan, u Jalg‘asdan Murat Kamalovni ogohlantirishni so‘rab, «to‘xtamasligini, davomi urushga aylanishi»ni aytib ketgan. «Meni qamasangizgina qutulasiz, dedim», — deya o‘z so‘zlaridan iqtibos keltirdi u.

Tajimuratov sudya Baxram Qitaybekov bilan bo‘lgan suhbat haqida gapirib berdi (Qitaybekov O‘zbekiston Konstitutsiyasini isloh qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy komissiyasi rahbari Oliy Majlis deputati Akmal Saidov ishtirokidagi majlisda qatnashgan). Tajimuratovning so‘zlariga ko‘ra, Qitaybekov Saidovdan Qoraqalpog‘istonning suverenitetidan voz kechishi haqidagi g‘oya kimdan chiqqanini so‘ragan. Deputat, uning so‘zlariga ko‘ra: «Bu fikr o‘zingizdan chiqqan», deb javob bergan.

Akmal Saidovning go‘yoki aytishicha, unga Qoraqalpog‘iston o‘z suverenitetidan voz kechishi haqidagi xat kelib tushgan. U javob xati yozib, unda bu Qoraqalpog‘istonning o‘z ichki masalasi ekanini ko‘rsatib o‘tgan. So‘ng Jo‘qorg‘i Kengesdagi Zuhra Reimovadan boshqa xat kelgan, unda ham, go‘yoki, suverenitetdan voz kechish haqida so‘ralgan. Saidov yangi javob xati yozgan: «Bu bizning vakolatimizga kirmaydi, qarorni o‘zingiz qabul qiling».

Qitaybekov navbatdagi savolni bergan: «Bizda mitinglar sabab qanchadan-qancha odamlarni qamashdi, siz bu voqealarga qanday baho berasiz?». Saidov go‘yoki shunday javob bergan: «Men sizni tushunmay qoldim. Sud raisi o‘rinbosari ekansiz, o‘z qo‘lingizdagi masala-ku bu. Men sizdan qamashni so‘ramayapman, qamamang, qo‘yib yuboring. Ichki ishlar organlari qamashga haqli emas, qamash deganingiz nimasi?».

Tajimuratovning ta’kidlashicha, sudyadan bas qilishni so‘rashganiga qaramay, sudya Akmal Saidovga uchinchi savolni ham bergan. Savol nima uchun Jo‘qorg‘i Kenges qarori «noqonuniy» o‘tkazilgani, nima uchun jurnalistlar bundan bexabar qolgani haqida bo‘lgan. «Deputatlar hammasi qaror qabul qilgan. Deputatlar buni imzolagan. Qalbaki-ku», — degan sudya go‘yoki. Saidov bunga ham javob bergan, ammo Tajimuratov uning javoblari haqida gapirmadi.

«Mening qo‘limda axborot bor. Qoraqalpog‘iston Respublikasi suverenitetidan voz kechish to‘g‘risidagi qaror bo‘yicha xulosani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi raisi Paraxat Aytniyazov bergan. Xulosada shunday so‘zlar bor: bizga, Qoraqalpog‘istonga suverenitet kerak emas, biz [O‘zbekiston bilan] bir mamlakatmiz, ajdodlarimiz bir, ildizimiz bir», — dedi Dauletmurat Tajimuratov.

«Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vaziri Saylaubay Mambetqadirov xulosa bergan. Qat’iy bo‘lmagan xulosa… Ichki ishlar vazirligi va hokazo. Hammasi jo‘natgan. Jo‘qorg‘i Kenges hammasini tasdiqlab bergan», — deya qayd etdi u.

Sudlanuvchining ma’lum qilishicha, u senator O‘ral Ataniyozovaga qo‘ng‘iroq qilgan: «Qayerga qarab o‘tiribsiz, opa, dedim. Sizga ishonib o‘tiribdi-ku xalq, dedim». Senator go‘yoki shunday javob bergan: «Dauletmurat, Jo‘qorg‘i Kengesda majlis o‘tgan vaqtda barcha knopkalarda „ha“, „ha“, „ha“ degan narsa bo‘lgan. Masalan, men qarshiman deb bossam ham tabloda baribir „ha“ degan so‘z chiqadi».

«19-sanada majlis, 30-sessiya bo‘ldi, dedi u. 30-sessiyada deputatlarning hammasi rozimiz dedi. Men nima qilay, Dauletmurat», — deya senatorning so‘zlaridan iqtibos keltirdi. Tajimuratovning «Endi nima qilib o‘tiribsiz?» degan savoliga, senator go‘yoki shunday javob bergan: «Dauletmurat, men xalq uchun o‘lishga ham roziman, biroq o‘limdan foyda yo‘q».

«Foydasi yo‘q bo‘lsa, gapirishsin, prezidentga murojaat qiling, boshqa choralar ko‘ring, O‘ral opa», — deb gapirgan Tajimuratov senatorga.

Shundan so‘ng u 1 iyul kuni videoni e’lon qilgan. Unda, Tajimuratovning so‘zlariga ko‘ra, shu gaplarni aytgan: «Men shu paytgacha shuncha ish qildim, deb yursam, hech narsa qilmagan ekanman. Bugun Qoraqalpog‘iston sudi rahbari Baxram [Qitaybekov], yurist bo‘la turib, lavozimidan voz kechdi. Hammasi ayon bo‘ldi. Ya’ni referendumda suverenitetdan voz kechish g‘oyasi o‘zimizdan chiqqan balo ekan».

Videoni e’lon qilgach, Tajimuratovning aytishicha, internet ishlamay qolgan. Ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda uning gey ekani haqida video paydo bo‘lgan (u bu videoni soxta deb atadi). Yana biroz vaqt o‘tgach, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari kelib, uni uyidan olib ketgan.

Tajimuratov o‘z ko‘rsatuvi davomida uni qo‘lga olishganidan so‘ng do‘pposlashganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng, ko‘chaga odamlar chiqib ketganini aytib, xalqni tinchlantirish uchun uni odamlarning oldiga olib borishgan. U odamlar Jo‘qorg‘i Kengesga qanday kelgani, Azamat Turdanov uni yelkasida qanday ko‘tarib yurgani (bu holat ayblovda ham tilga olingan), u yarim tunda qanday qilib uyiga yetib kelgani haqida gapirib berdi.

U uyiga kelganida, ta’kidlashicha, tashqarida «o‘q ovozi, otishma ovozi» eshitilayotgan bo‘lgan. U yashirinishga muvaffaq bo‘lganini aytdi. U tanishlari Madiyor va Ruslan Ibragimovlarning uyiga (avvalroq ularning vafot etgani haqida xabar berilgan edi), keyin boshqalarnikiga borgan. Jo‘qorg‘i Kenges raisi bilan uchrashishga harakat qilgan. 4 iyul kuni esa u topilib, qo‘lga olingan. Tajimuratov uni va Azamat Turdanovni qanday do‘pposlab, so‘ng Xorazmga olib ketishgani haqida so‘zlab berdi.

Shvetsiyaning «Markaziy Osiyo uyushmasi» nodavlat nohukumat tashkiloti direktori Gulnoz Mamarasulova (u Nukus voqealarini o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi a’zosi) Tajimuratovning suddagi chiqishi yakunlari bo‘yicha «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida sudlanuvchining qo‘lga olish vaqtidagi qo‘pol munosabat va bosimlar haqidagi bayonotlari prokurorlar va tegishli tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilishini aytib o‘tdi. Ayni vaqtda, uning qayd etishicha, komissiya a’zolari u bilan Urganchda uchrashgan vaqtda tergovchilar unga maqbul munosabatda bo‘layotganini bildirgan edi.

Avvalroq Dauletmurat Tajimuratov ko‘rsatuvining avvalida sudga Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining sobiq (Murat Kamalov) va amaldagi (Amanbay Orinbayev) raislarini guvoh sifatida chaqirish haqida iltimosnoma bilan murojaat qildi. U, shuningdek, Mudofaa vazirligiga Nukus voqealari vaqtida o‘qotar qurol qo‘llangani bo‘yicha sud so‘rovini yuborish haqida ham iltimosnoma kiritdi.